“Biz bir gumbaz ostidamiz” aksiyasi davom etmoqda
Xabar qilganimizdek, asli samarqandlik, tarix fani bo‘yicha mustaqil tadqiqotchi, ayni paytda Qarshi shahridagi Osiyo texnologiyalari universitetida tarix yo‘nalishida ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha tahsil olayotgan Akmal Hamroyev va uning jamoasi yurtimizni yanada yashil va obod maskanga aylantirish borasidagi tashabbusini Qashqadaryo viloyatining turli hududlari bo‘ylab davom ettirmoqda.
“Biz bir gumbaz ostidamiz” aksiyasi doirasida tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va qadamjolar atroflariga tayyor ko‘chatlar emas, balki ularning urug‘larini qadash ishlarini olib bormoqda.

Aksiya ishtirokchilarining bu galgi manzili viloyatning chekka hududlaridan hisoblangan Mirishkor tumanining Jeynov va Pomiq shaharchalari bo‘ldi.

Asosan turkman, arab, tojik, tatar, rus, qirg‘iz, qozoq kabi o‘nlab millat vakillari tinch totuv istiqomat qilib kelayotgan ushbu hudud aholisi aksiya ishtirokchilarini iliq kutib oldi va urug‘ ekish ishlariga yordam berdi.

Akmal Hamroyevning ta’kidlashicha, tabiatni sevmaydigan inson bo‘lmaydi. Shunchaki bunday ezgu maqsad yo‘lida ularni birlashtirish muhim.
O‘lmas Barotov, O‘zA