French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biz bir bo‘lsak yagona xalqmiz – birlashsak Vatanmiz!
20:12 / 2024-07-12

Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Biz bir bo‘lsak yagona xalqmiz – birlashsak Vatanmiz!” shiori ostida “Ma’naviyat festivali” o‘tkazilmoqda.

Festival Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirlar madaniyat maskanlari, musiqa muassasalari, markaziy maydon va o‘yingohlar, Muruvvat uylari, harbiy qismlar, korxona, tashkilotlar, eng chekka, olis qishloq va mahallalarda bo‘lib o‘tmoqda.

“Ma’naviyat festivali” tadbirlari rang-barang bo‘lib, bir qator loyihalarni qamrab olgan. Xususan, aholi va yoshlar orasida kitobxonlik, mehr-oqibat, vatanparvarlik tuyg‘ularini oshirishga qaratilgan “Vatan madhi” konsert dasturi, “Mutolaa marafoni”, “Eng ma’naviyatli mahalla” tanlovi, “Ma’rifat tur”, “Ziyolilar forumi”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni”, “Ma’rifat soati”, “Inson qadri”, “Ajdodlarga ehtirom”, “Ma’naviyat kubogi” sport musobaqasi, “Milliy birdamlik” ijtimoiy loyihalari shular jumlasidan.

Tadbirlarda Respublikadan o‘ttizga yaqin ma’rifat targ‘ibotchilari olim, shoir va yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan vaynerlar, taniqli san’atkorlar hamda mahalliy madaniyat sohasi vakillari, imom-xatiblar, yaqinda muqaddas Haj ziyoratini ado etib kelgan nuroniylar ishtirok etmoqda. Jumladan, Chust tumanining qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi bilan chegaradosh Varzik qishlog‘idagi madaniyat markazida “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni” mavzusidagi tadbirga hududning kayvoni otaxon-onaxonlari, namunali oila vakillari, yoshlar taklif qilindi.

Tadbir davomida aholi orasida oilaviy ajrimlarning oldini olish, erta turmush qurishning salbiy oqibatlarini tushuntirish, joylarda voyaga yetmaganlar orasida erta tug‘ruq holatlari va tazyiqqa uchragan xotin-qizlarni himoya qilishga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish zarurligi qayd etildi.

– Oila Yaratgan tomonidan ato etilgan muqaddas qo‘rg‘ondir. Shukrkim, turmush o‘rtog‘im Rahmonjon Amonov bilan 40 yildan ziyod davomida o‘zaro inoq va ahillikda yashab kelmoqdamiz, – deydi Varzikdagi uy bekalaridan biri Muharramjon Rahmonova. – Ikki qiz va bir o‘g‘ilni el koriga munosib farzandlar sifatida kamolga yetkazdik. O‘g‘limiz bugun harbiylikda Vatan sarhadlari xizmatida bo‘lsa, ikki qizimiz tikuvchilik hamda go‘zallik saloni ochib, tadbirkorlik qilmoqda.

“Namangan” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator” faxriy unvoni va “Do‘stlik” ordeni sohibi Dilshod Ismatullayev rahbarlik qilayotgan “Chust textile” mas’uliyati cheklangan jamiyat bugun ikki mingdan ziyod yigit-qizlarning bandligini ta’minlash asnosida trikotaj matosi to‘qish, bo‘yash va undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish orqali eksport salohiyatini yuksaltirishda salmoqli yutuqlarga erishib kelmoqda.

Mazkur korxonada “Ma’rifat soati” loyihasi doirasida ishchilar bilan samimiy ruhda bo‘lib o‘tgan madaniy-ma’rifiy uchrashuvda yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohotlarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tildi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova, O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori O‘tkir Mengliyevning chiqishlari ishtirokchilarga yaxshi kayfiyat ulashdi.

– Ikki yildan buyon “Chust tekstil” korxonasida qadoqlash sexida ishlab kelmoqdaman, – deydi Dilnavoz Sharipova. – Korxonamizda ishdan tashqari turli tadbirlar o‘tkazilib turiladi. Lekin “Ma’naviyat festivali” doirasidagi tadbir men uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.  

Pop tumanining Uyg‘ursoy madaniyat markazida kechgan “Uch avlod uchrashuvi”da ozodlik, inson ma’naviyati va hurligi, kitobxonlik va milliy qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rni haqida hayotiy misollar, boy tajribalar uyg‘unligida fikr-mulohazalar bildirildi.

Uch avlod vakillar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etilgani ular o‘rtasidagi o‘zaro qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilgan bo‘lsa, el ardog‘idagi san’atkorlar ijro etgan kuy-qo‘shiqlar va shoirlar aytgan dilga yaqin she’rlar tadbir ishtirokchilariga surur bag‘ishladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA