Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Biz bir bo‘lsak, yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!”
16:39 / 2023-09-11

Yoshlar festivali dasturiga muvofiq Sirdaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarida 30 dan ziyod madaniy-ma’rifiy tadbir, xususan, sport musobaqalari, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, intellektual o‘yinlar, ko‘rik-tanlovlar, harbiy-vatanparvarlik loyihalari, kibersport musobaqalari, mehnat yarmarkalari, tibbiy ko‘rik, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlar o‘tkazildi.

Festival erta tongdan bayramona yurish marafoni bilan boshlandi. Har bir hududda 2000 nafarga  yaqin yosh 3 kilometr masofani bosib o‘tdi.

“Biz bir bo‘lsak, yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar festivali doirasida hududlarda salomatlik aksiyalari uyushtirildi. Ushbu aksiya orqali viloyat mahallalarida istiqomat qiluvchi 6 mingga yaqin aholi vakillari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ular 8 turdagi tor mutaxassislik vakillaridan maslahat ham oldi. Joylarda turli kasalliklarni erta aniqlash va o‘z vaqtida samarali davolashga qaratilgan bu kabi tibbiy ko‘riklar kun davomida bo‘ldi.  

Erta tongdan yoshlar yetakchilari hamda faol ko‘ngilli yoshlardan iborat volontyorlar hududlardagi jamoat joylari, boquvchisini yo‘qotgan hamda yolg‘iz nuroniylar xonadonlarida hashar uyushtirishdi.  

[gallery-13530]

Joylarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, fuqarolarni doimiy daromad manbaiga ega qilish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar bu muammoni yumshatish imkonini bermoqda. Biroq har yili mehnat bozoriga minglab yoshlarning kirib kelayotgani ayni sohada tobora izchillik va keng qamrovni talab etmoqda. Yoshlar festivali doirasida hududlarda bo‘lib o‘tgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham ana shu maqsadda tashkil qilindi. Unda 97 ta korxona va tashkilot 3 mingdan oshiq vakant o‘rinlar bilan ishtirok etdi. Yarmarkada 156 nafar ishsiz fuqaro bilan mehnat shartnomasi tuzildi. O‘nlab ishga talabgorlar kasb-hunar o‘rganish markazlariga jalb qilingan bo‘lsa, ayrimlariga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, ishga joylashish bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.  

Bundan tashqari, viloyat bo‘ylab ommaviy sport tadbirlari ham o‘tkazildi. Sportning milliy kurash, mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘ldi. Yoshlar festivali “Biz – yaxshilik zanjirining birimiz!” shiori ostidagi aksiyalar bilan davom etdi. Ko‘ngilli yoshlar mahallalardagi mehnat faxriylari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”da ro‘yxatda turuvchi e’tibor hamda ko‘makka muhtoj insonlar holidan xabar olindi.  

San’at ustalari, yosh xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy va navolar barchani birdek xushnud etdi. Festival doirasida tashkil qilingan tadbirlarda faol ishtirok etgan yoshlar munosib taqdirlandi.  

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri