Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biz bilib-bilmagan Usmon Nosir
16:52 / 2022-08-01

Prezidentimizning 2022 yil 10 fevralda qabul qilgan «Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida Usmon Nosirning hayoti va faoliyatini, xususan, uning qatag‘on davrida kechgan yillarini o‘rganish, asarlarini chop etish, bu borada Rossiya Federatsiyasining tegishli tashkilotlari bilan hamkorlik qilish yuzasidan ko‘plab ishlar olib borilmoqda.

Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida mazkur ijodiy tuzilma vakillari quyidagilarni so‘zlab berdilar.

Muhiddin Abdusamatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi:

– "Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori asosida uyushmada keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Usmon Nosirning «Tanlangan asarlar» kitobi nashrga tayyorlandi. Bu asarning avvalgilaridan farqi shundaki, kitobda Usmon Nosirning ilk marta kitobga kiritilayotgan she’rlari bor. Bu she’rlar o‘z davrida o‘sha olis yillarning matbuoti sahifalarida qolib ketgan edi. Shuningdek, Usmon Nosirning adabiy, publitsistik maqolalari, dramalari topildi.

Avvaldan ma’lumki, Usmon Nosirni Pushkin va Lermontov she’riyatining tarjimoni, deb bilardik. Endi ma’lum bo‘ldiki, Usmon Nosir Gyotedan, Firdavsiyning «Shohnoma» asaridan boblarni tarjima qilgan ekan. «Tanlangan asarlar»da shular ham jamlangan.

Nashrga tayyorlangan yana bir kitob «Usmon Nosir zamondoshlari xotirasida» deb nomlanadi. Unda otashin shoir haqidagi eng yaxshi tadqiqotlarga keng o‘rin berilgan. Kitob uch qismdan iborat bo‘lib, xotiralar, maqolalar, Usmon Nosirga bag‘ishlangan she’rlar o‘rin olgan. Ushbu kitoblarni tayyorlashda akademik Naim Karimov, filologiya fanlari doktori Marhabo Qo‘chqorova kabi olimlarimiz faol hissa qo‘shdilar.

Hozirda Usmon Nosir haqida sahna asarlarini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston Davlat musiqali teatrida adib Javlon Jovliyevning «Usmon Nosir» asari sahnalashtirildi. Shoir haqida Abdulla A’zam, Nodira Rashidova kabi ijodkorlarning ham sahna asarlari bor. «Sharq yulduzi» jurnalida O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning «Usmon Nosir» nomli dramasi chop etilyapti. Shuningdek, namanganlik ijodkor Jamoliddin Muslim yangi drama yaratdi.

Risolat Haydarova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi bosh mutaxassisi:

-- Uyushma tomonidan «Turkiy adabiyot xazinasi» nomli 100 jildli asarlar majmuasi tayyorlanmoqda. Bu turkum ma’rifiy loyihada Usmon Nosir ijodiga ham alohida jild, alohida kitob ajratilmoqda. Unga shoir Usmon Nosirning she’rlari, dostonlari, dramalari kirgan.

Hozirda Usmon Nosir bilan bog‘liq arxiv materiallarini o‘rganish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Bunda O‘zbekistonning Novosibirsk (Rossiya Federatsiyasi)dagi bosh konsulligi katta yordam bermoqda.

Sababi, Rossiya Federatsiyasidagi bir qator tegishli tashkilotlar, arxiv idoralari bilan birgalikda ish olib borishga to‘g‘ri keladi. Bu materiallar Usmon Nosirning Rossiyadagi o‘sha og‘ir damlardagi hayoti haqida ma’lumot beradi. Shuningdek, Kemerovoda mazkur shahar ma’muriyati tashabbusi va hisobidan o‘zbek shoiri Usmon Nosirga muhtasham haykal o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda. Haykalning eskizi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Badiiy akademiyasi, Madaniyat vazirligiga taqdim etildi. Haykalning ochilishi kuz oylarida bo‘lib o‘tadi. Kemerovoda Usmon Nosirga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlarning dastlabkisi ham o‘tkaziladi. Shuningdek, oktyabr oyida Kemerovada «Mening bog‘im» deb nomlangan adabiy kecha ham o‘tishi rejalashtirilgan.

Aytish joizki, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Usmon Nosir ijodiga bag‘ishlangan yirik konferensiya, adabiy muloqotlar mamlakatimizda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga «She’riyatda Usmon Nosirning mahorat sabog‘i» turkum darslarni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Bularning barchasi otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir ijodini yanada keng targ‘ib etish imkonini beradi.

Nazokat Usmonova yozib oldi, O‘zA