“Biz barcha sheriklarimiz bilan tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yoʻlida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator muhim tashabbus va takliflar bayon etilgani bilan eʼtiborli boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator muhim tashabbus va takliflar bayon etilgani bilan eʼtiborli boʻldi. Jumladan, davlatimiz rahbari mamlakatimizda diniy erkinlik borasida vaziyat keskin yaxshilangani, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yana-da mustahkamlash doimiy muhim vazifa ekanligini qayd etdi.
Darhaqiqat, diniy erkinlik boʻyicha keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar xalqimizga, shuning barobarida xalqaro jamoatchilikka ham yaxshi maʼlum. Bu oʻrinda diniy masalalar boʻyicha maxsus roʻyxatda turgan shaxslarning ushbu roʻyxatdan chiqarilgani, koʻplab diniy mahbuslar afv etilgani, yangi masjidlar ochilayotgani, diniy taʼlim olish uchun imkoniyatlar kengayayotgani 2020-yilda AQSHning xalqaro diniy erkinlik boʻyicha komissiyasi (USCIRF) Oʻzbekistonni “diniy erkinlik sohasida alohida xavotirga molik davlatlar” qatoridan olib tashlaganini eslash joiz.
Oʻzbekistondagi barqarorlik, davlat va jamiyat taraqqiyotini bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillarining oʻzaro totuvligisiz, 16 diniy konfessiya vakillari oʻrtasida bagʻrikenglik munosabatlarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Binobarin Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishi xavfsizlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash sohasidagi ustuvor yoʻnalish qilib belgilangani ham bejiz emas.
Muqaddas dinimiz taʼlimotiga koʻra, bagʻrikeng boʻlish iymon belgisidir. Chunki, Alloh taolo muborak kalomida “Din toʻgʻrisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (“Mumtahana” surasi, 8-oyat), deb marhamat qilgan.
Abdulla Avloniy bagʻrikenglik boʻlmasa, qanday oqibatlar kelib chiqishi haqida gapirar ekan “Qaysi bir millatning orasida birlik koʻtarilub, nifoq va adovat hukm surgan boʻlsa ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlanganligi tarix sahifalaridan maʼlumdir” deb yozgan.
Davlatimiz rahbari nutqida mintaqa davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhitini yaratish boʻyicha erishilgan yutuqlar, qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan aniq taklif va rejalar bayon etildi.
Zero bu xalqimizning “Qoʻshning tinch - sen tinch” degan naqliga toʻla mos keladi.
Alloh talo Oʻzining kitobida biz bandalar kimlarga yaxshilik qilish lozimligini uqtirib “Va Alloh taologa ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qoʻshnilarga, yon qoʻshnilarga, yonboshdagi sohiblarga, koʻchada qolganlarga va qoʻlingizda mulk boʻlganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh taolo oʻzini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush koʻrmas” (“Niso” surasi, 36-oyat), deb marhamat qiladi.
Agar eʼtibor bersak, oyatda har bir toifa zikr qilina turib, qoʻshni haqida uch marotaba qayta zikr qilinmoqda. Demak, shariatimiz koʻrsatmalari boʻyicha ham qoʻshnining haqi buyukligi oyati karimada zikr qilinmoqda.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ushbu siyosat ham diniy jihatdan, ham umuminsoniy jihatdan toʻla mos kelishini taʼkidlamoqchimiz.
Bir soʻz bilan aytganda, davlatmiz rahbarining maʼruzasida qayd etilgan barcha masalalar oʻzining oʻzbekona insonparvarlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilganligi, qatʼiy va magʻrur jaranglashi bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi.
Zayniddin ESHONQULOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining
Samarqand viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi