Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bitta sohada 80 ming nafar kishi ish bilan ta’minlanishi mumkin
12:39 / 2021-07-26

Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilish tafsilotlarini ma’lum qildi.

Bugun, 26 iyul kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining an’anaviy brifingi bo‘lib o‘tdi.  

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘tgan hafta davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirlar tafsilotlarini jurnalistlarga yetkazdi.

19 iyul kuni Prezidentimiz nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi. Dastlab ushbu yig‘ilish tafsilotlari ma’lum qilindi.

Qayd etilganidek, yurtimizda ko‘pgina ekin maydonlari tepalikda yoki daryolardan uzoqda joylashgan. Ularga suv faqat nasoslar yordamida boradi. Lekin, yig‘ilishda aytilganidek, 299 ta nasos stansiyasi bugungi kunda eskirgan. Oqibatda suv yaxshi yetib bormay, 80 ming gektar yer foydalanishdan chiqib ketgan, 607 ming gektarda suv ta’minoti yomonlashgan.  

Bu qancha mahsulot, qancha ish o‘rni yo‘qotilyapti, degani. Yana bir yomon tomoni, eski nasoslarning energiya sarfi juda yuqori.

Shuning uchun Prezidentimiz bu masalaga alohida e’tibor qaratmoqda. 299 ta eski nasos stansiyasini yangilash ishlarini bosqichma-bosqich olib borish bo‘yicha topshiriqlar berdi.    Birinchi navbatda Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi 95 ta nasos stansiyasi modernizatsiya qilinishi belgilandi. Buning uchun 146 million yevro zarurligi hisob-kitob qilingan. Hozir ushbu mablag‘ni kredit sifatida jalb etish bo‘yicha Rossiyaning “Vneshekonombank”i bilan muzokara olib borilmoqda.

– Xo‘sh, bu ishlar nima beradi, degan savol tug‘iladi. Bu – 40 ming gektar yerni foydalanishga qaytarish va 315 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash imkonini beradi. Aniq qilib, viloyatlar kesimida aytganda, Navoiyda 16 ming, Samarqandda 27 ming, Qashqadaryoda 77 ming, Buxoroda 90 ming va  eng ko‘pi Surxondaryoda – 145 ming gektar yerni sug‘orish yaxshilanadi.

Eng muhimi, ularda 80 ming nafar kishi ish bilan ta’minlanishi mumkin. Jumladan, muhtoj oilalar, ishsiz yoshlar qo‘shimcha mahsulot yetishtirib, ro‘zg‘orini yuritadi, – dedi Sherzod Asadov.  

O‘zA