Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bitta paxta terish mashinasi 400 terimchining o‘rnini bosadi
12:58 / 2023-09-27

Buxoro viloyati Kogon tumanida paxta yig‘im-terimida terim mashinalari kuchidan unumli foydalanilmoqda.

Tumandagi “Bozormurod Ramazonto‘ra” fermer xo‘jaligi paxta dalalarida terim mashinasi yordamida hosilni yig‘ish ishlari amalga oshirilmoqda. "CE-220" rusumli paxta terish mashinasining asosiy afzalligi shundaki, mashina kuniga 20 tonnagacha paxta teradi. Ya’ni u 400 nafargacha terimchining o‘rnini bosa oladi.

Ma’lum bo‘lishicha, mavsumda "CE-220" modeldan paxta terish mashinasi sifatida, qolgan davrlarda universal-haydov traktori sifatida foydalanish mumkin. Ya’ni fermer bu mashinani faqat paxta terish uchun emas, qolgan qishloq xo‘jalik yumushlarida ham ishlatadi.Yangi avlod texnikasining yutug‘i shunda.

Ma’lumot uchun: xo‘jalik hisobida 43 gektar yer bo‘lib, shundan 28 gektarida sanoat xomashyosi yetishtirilgan. Xo‘jalik vakillari davlatga 106 tonna paxta sotish majburiyatini olishgan.  

Qorovulbozor tumani dalalarida ham yangi avlod texnikasi, deya e’tirof etilayotgan paxta terish mashinasini  ko‘rish mumkin.

“Ark eko tekstil klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati uni Turkiyadan 1 milliard 400 million so‘m mablag‘ evaziga sotib oldi. Bu agregat avvalgilaridan tubdan farq qiladi.

1,5 tonna sig‘imli tirkamasi ham bo‘lgan bu mashina kuniga 16 tonna paxtani terish quvvatiga ega. U g‘o‘zadagi barglarni ajratib tashlagan holda ko‘sakdagi yarim ochilgan paxtani ham tera oladi. Mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan hozircha ikkita shunday texnika sotib olingan.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA