Andijonda umumta’lim maktablari bitiruvchilarining kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘ziga xos tizim, tajriba yaratildi. Xususan, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan «Orzularni maqsadlarga aylantiramiz» shiori ostida olib borilayotgan ishlar bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.
O‘tgan o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablarini tamomlagan 39 ming nafardan ziyod o‘quvchidan 7 ming 828 nafar bitiruvchi imtiyozli kredit olib o‘zlari egallagan kasb-hunar bo‘yicha ish yuritish yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan.
Hozirga qadar 500 nafardan ziyod bitiruvchiga 115 millard so‘m miqdorida imtiyozli kredilar ajratildi. Natijada ana shu yoshlar egallagan kasb-hunar, tadbirkorlik borasida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, mustaqil daromad topish imkoniga ega bo‘ldi.
– Imtiyozli kredit hisobiga to‘rtta jemper to‘qiydigan uskuna sotib olib o‘z xonadonimda tadbirkorlik faoliyatimni boshladim, – deydi buloqboshilik Jamshidbek Odilov. – Kuniga 200 donadan 800 donagacha mahsulot tayyorlab ichki bozorga chiqaryapmiz. Oyiga 20 milliondan 30 million so‘mgacha daromad topyapmiz. Eng asosiysi, tengdoshlarimdan 4 nafari doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Andijon tumanida ham imtiyozli kredit evaziga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yayotgan yoshlar ko‘p. Taqdim etilgan loyihalari ijobiy baholangan 37 nafar bitiruvchi qizga tikuv mashinalari topshirildi. Endilikda ular tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, daromad olib, oilalari byudjetini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
[gallery-3176]
Baliqchi tumanida esa 2 ming 498 nafar bitiruvchidan 1 ming 482 nafari imtiyozli kredit olish, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan. Hozirga qadar ularning 200 nafardan ortig‘i o‘zlarining taklif va so‘rovlariga asosan, imtiyozli kredit asosida turli jihoz va asbob-anjomlari bilan ta’minlandi.
Asaka tumani hokimligi, xalq ta’limi bo‘limi, Mikrokreditbank, Agrobank tuman filiallari hamkorligida umumta’lim maktablarining 11- sinf bitiruvchilariga imtiyozli kredit asosida o‘zlari tanlagan kasb va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun zarur asbob-uskunalar topshirildi.
Joriy o‘quv yilida Marhamat tumanidagi 45 ta umumta’lim maktabini 2 ming 55 nafar 11-sinf o‘quvchisi tamomladi.
Tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan maktab bitiruvchilari orasidan o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, kredit olish istagini bildirgan 11-sinf bitiruvchilarining ro‘yxati shakllantirildi. Ularning tadbirkorlik ko‘nikmalari, bilim va tushunchalarini boyitish maqsadida tumanda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar, savdo-sanoat palatasi, soliq, bank idoralari mutaxassislari ishtirokida qator seminarlar, muloqot va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Bitiruvchilarning qiziqish, intilish, qolaversa, imkoniyatlaridan kelib chiqib, 1-bosqichda ularning 202 nafari savdo-sanoat palatasi Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazining platformasiga kiritildi.Ular tikuvchilik, pazandachilik va IT yo‘nalishlari bo‘yicha kurslarda tahsil olib, maxsus sertifikat oldi. Ayni kunga qadar ularning 100 nafarga yaqini kredit hisobidan zarur jihozlar olib, o‘z tadbirkorligini boshlagan.
–Men tikuvchilik hunarini o‘rganganman, – deydi tumandagi 42-umumta’lim maktabi bitiruvchisi Kamola Ibragimova. – Maxsus kursda o‘qib, sertifikat oldim. Ajratilgan imtiyozli kredit hisobidan bir necha tikuv mashinasi olib, o‘z xonadonimda tadbirkorlik faoliyatimni boshladim. Ayollar, bolalar liboslarini tikish orqali daromad topaman, shu bilan birga, “ustoz-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganish istagidagi mahalladosh qizlarga tikuvchilik hunarini o‘rgataman.
Andijonda umumta’lim maktablari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularning o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA