Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida bitiruvchi yoshlarga mutaxassislik diplomlarini topshirish tadbiri tashkil etildi
Oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari, ota-onalar, korxona va tashkilotlar mas’ullari hamda bitiruvchi yoshlar ishtirok etgan tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov, viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamda boshqalar so‘zga chiqib, yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar, imtiyozlar haqida to‘xtaldi. Universitet hamda kombinat misolida ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi kadrlar yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Jumladan, bugungi kunda universitetda 42 nafar fan doktori, 170 nafar falsafa doktori va fan nomzodi faoliyat yuritmoqda. Ilmiy salohiyat 65 foizdan oshgan. Prezidentimizning 2024 yil 12 dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2025-2026 o‘quv yilidan Zarafshon shahrida universitetning yangi fakulteti tashkil etilmoqda.
[gallery-24488]
Joriy yilda universitetning kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllarini jami 1780 nafar bakalavr hamda 53 nafar magistr tamomladi. Hozirga qadar bitiruvchilarning 1318 nafari ishga joylashtirildi. “Kelajakka qadam” dasturi doirasida esa 31 nafar bitiruvchiga 600 million so‘mga yaqin imtiyozli kredit ajratildi.
– To‘rt yil davomida olgan bilimlarimizning samarasi o‘laroq universitetning bakalavr yo‘nalishini imtiyozli diplom bilan tugatyapman, - deydi Asilbek G‘ofurov. – Talabalik hayotimda o‘chmas iz qoldirdi. Yaxshi natijalarga erishdim. Ustozlardan ta’lim olib, ko‘plab do‘stlar orttirdim. Olgan bilimlarimni kelajakda yurtimizning iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun sarflayman.
– Bundan olti yil avval metallurgiya mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga qabul qilingandim, – deydi Shahzoda O‘tkirova. – 4 yil davomida ustozlarimizning bergan bilimlari natijasida 2023 yilda bakalavr yo‘nalishini imtiyozli tugatgandim va shu yili universitetning magistratura bo‘limiga o‘qishga imtiyozli ravishda qabul qilingandim. Magistrlik dissertatsiyasini himoya qilib, bugun o‘qishni tugatdim. Magistrlik diplomini olish nafaqat kuch beradi, balki kelajakka bo‘lgan ishonch, o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlash kerakligini eslatib turadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sQWoyw4WvUQ" title="Bitiruvchilarga mutaxassislik diplomlari topshirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari