Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bitiruvchilarga mehnat bozorida talab va taklif ko‘p
16:05 / 2026-02-27

Prezidentimizning topshirig‘iga ko‘ra, mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” bo‘lishi belgilandi. Unga ko‘ra, sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, ta’lim muassasalariga borib, yoshlarni eshitadi va muammosini hal qilish yuzasidan tizimli ishlarni tashkil etadi.

Mazkur topshiriqqa javoban Toshkent viloyatida barcha darajadagi rahbarlar kun tartibining salmoqli qismi yoshlar bilan muloqotlarga bag‘ishlandi. Jumladan, Toshkent davlat agrar universitetida Toshkent viloyat hokimligi tashabbusi bilan bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari O. Sultonbekov, oliy o‘quv yurti rahbariyati, fakultetlar dekanlari, bo‘lim boshliqlari va kafedra mudirlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda bitiruvchilarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash, hududlardagi bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish masalalari atroflicha tahlil qilindi. Ayniqsa, dual ta’lim tizimini keng joriy etish, ishlab chiqarish korxonalari bilan integratsiyani mustahkamlash orqali talabalarni o‘qish jarayonidayoq amaliy faoliyatga jalb etish va ular uchun doimiy ish o‘rni yaratish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Shu bilan birga, har bir bitiruvchi bilan individual ishlash, ularning kasbiy salohiyatidan kelib chiqqan holda manzilli rejalar ishlab chiqish hamda hududlar bo‘yicha aniq takliflar shakllantirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Chirchiq davlat pedagogika universitetida ham yoshlar va soha rahbarlari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish, bandligini ta’minlash va kasbiy rivojlanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Bobojonov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burxonov, shuningdek, boshqarmaning shahar va tuman bo‘limlari rahbarlari, ta’lim muassasalari direktorlari hamda bitiruvchi yoshlar ishtirok etdi.  

Uchrashuv davomida yoshlarning fikr-mulohazalari tinglanib, ilgari surilgan takliflar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar taqdim etilib, bitiruvchilarni mutaxassisligiga mos ish joylariga yo‘naltirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Muloqotdan so‘ng bo‘sh ish o‘rinlari  “Mehnat yarmarkasi” tashkil etildi.  

— Bugungi kunda Chirchiq davlat pedagogika universitetida Toshkent viloyatida yashovchi jami bitiruvchilar 2 ming 352 nafarni tashkil etadi. Yarmarkada 353 nafar bitiruvchi talaba ish bilan ta’minlandi. Jumladan, O‘rta Chirchiq, Parkent, Oqqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, Bekobod, Quyi Chirchiq, Zangiota, Bo‘stonlik tumanlari, Olmaliq va Chirchiq kabi shaharlardagi ta’lim tashkilotlari bilan mehnat shartnomasi tuzildi, — deydi Toshkent viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burxonov.  

A.Musayev,O‘zA