Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi Madaniyat markazida 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida tadbir o‘tkazildi.
Tuman sektor rahbarlari, yoshlar yetakchilari, talabalar hamda tuman yoshlari ishtirok etgan tadbir avvalida xalqaro, Respublika darajasidagi musobaqalar, tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bir guruh yoshlarga hokimlikning diplom, qimmatbaho sovg‘alari, shuningdek, joriy yilda maktabni a’lo baholarga tugatgan bitiruvchilarga oltin va kumush medallari tantanali topshirildi.


Bu yil tumandagi 32 ta umumta’lim maktabini 1447 nafar o‘quvchi tamomlab, ularning 67 nafari oltin, 3 nafari kumush medalni, shuningdek, 250 nafarga yaqin o‘quvchi esa oliygohlarga o‘qishga muddatidan oldin kirish imtiyozini beruvchi respublika va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.



– Bu yil maktabni tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘ydim, – deydi 2-sonli informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchisi Sabrina Baratova. – Bugun biz kabi bitiruvchilar uchun unutilmas daqiqalardan biri bo‘lmoqda. Ustozlar, hokimimiz qo‘lidan oltin medalni olar ekanman, ularning tilaklari menga katta dalda va g‘urur bag‘ishladi. Oliygohga kirish uchun hujjatlarimni topshirdim. Fanlar bo‘yicha so‘nggi tayyorgarlik jarayonini olib bormoqdaman. Mening qator muvaffaqiyatlarga erishishimda ustozlarimning xizmati katta. Ularga ming rahmat. Barcha bitiruvchilar, sinfdosh do‘stlarimning kelgusi ishlariga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Kelgusida yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishni maqsad qilganman.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri