Urganch Ranch texnologiya universitetida bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlarini tamomlagan bitiruvchilarga diplomlar topshirildi.
Tantanali marosimda viloyat hokimligi, ta’lim va soha tashkilotlari rahbarlari, mahalliy va xalqaro hamkorlar, ota-onalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Urganch Ranch texnologiya universiteti o‘z faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada, so‘nggi yillarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida bir qator yutuqlarga erishmoqda. 2024–2025 o‘quv yilidan boshlab universitetning 16 ming nafar talabaga mo‘ljallangan, zamonaviy infratuzilmalarga ega yangi kampusi foydalanishga topshirildi.
Tadbir so‘zga chiqqanlar bitiruvchilarni samimiy tabriklab, ularga kelgusidagi hayot yo‘llarida omad va muvaffaqiyat tiladi. Oliygohning “Iqtisodiyot va kompyuter injiniring” sohasida 42 nafar bakalavriat hamda 17 nafar magistraturani bitirgan talabalarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
[gallery-24416]
– Men ikki yil davomida iqtisodiy bilimlarni chuqur o‘rganishga harakat qildim, – deydi magistr Javohir Soburov. – Oliygohning professor-o‘qituvchilariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bu yerda olgan bilimlarimni kelgusida ish faoliyatimda namoyon etib, jamiyatimiz rivojiga o‘z hissamni qo‘shaman.
Qayd etish lozim, oliygoh bugungi kunda Yaponiya, Ispaniya, Chexiya, Italiya va Belgiya kabi mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bu esa talabalar uchun xalqaro akademik mobillik va ilg‘or bilimlarni o‘zlashtirish imkonini yaratmoqda.
– Bugun bizga taqdim etilgan diplomlar shunchaki hujjat emas, – deydi bakalavr Roza Zaripova. – Bu ustozlarimning tinimsiz mehnati, ota-onamning umidlari, davlatimizning biz yoshlarga bo‘lgan ishonchi, mening esa izlanishlarim, qolaversa, kelajakka yo‘llanmadir. Men endilikda magistraturani Yevropada, Fransiyada davom ettiraman. Buning uchun shu yerda olgan bilimlarim yetarli bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Ta’lim bergan barcha ustozlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Tantanali marosimda eng faol, iqtidorli va namunali bitiruvchilarga faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari berildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari