Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi akademik litseyning 2024-2025 o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu yil akademik litseyni 287 nafar o‘quvchi tamomladi. Ularning 8 nafari oltin, 5 nafari kumush medal, 47 nafari “a’lo darajali” diplom bilan o‘qishni tugatdi.

– Bitiruvchilarimizning 195 nafari chet tillarni bilish darajasini belgilovchi sertifikatga, 60 nafari fan sertifikatlariga ega bo‘ldi, – deydi akademik litsey bo‘lim boshlig‘i Anvar Mamadalimov. – 3 nafar o‘quvchimiz test sinovlari bo‘ladigan 5 ta fandan sertifikat olib, muddatidan oldin mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga kirishning eng yuqori bali –189 ballni to‘pladi.

Shuningdek, Germaniyaning “Viadrina” universiteti bilan qo‘shma dastur doirasida 67 nafar o‘quvchi o‘qishni tamomladi, ulardan 21 nafari mazkur universitetga grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Finlyandiyaning “Kareliya” amaliy fanlar universiteti bilan qo‘shma dastur doirasida 31 nafar o‘quvchi o‘qishni tugatdi, ulardan 9 nafari imtiyozli ravishda Xalqaro “Nordik” universitetining 2-kursiga, 22 nafari 1-kursiga o‘qishga kirdi.

Akademik litsey ijrochi direktori Oydinxon Mannopova mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar va yoshlarimiz uchun yaratib berilayotgan sharoit va imtiyozlar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berib, litsey bitiruvchilariga keyingi hayotlarida muvaffaqiyatlar, oq yo‘l tiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA