Munosabat
Prezidentimizning kuni kecha taqdim etgan Murojaatnomasi yakuniga yetayotgan yil sarhisobi bo‘lish barobarida kelgusi yil va undan keyingi yillarda amalga oshiriladigan, yurtimiz, xalqimiz farovonligiga zamin bo‘ladigan dolzarb maqsad-vazifalarni o‘zida aks ettirgan hujjat bo‘ldi. Bugun keng jamoatchilik vakillari ushbu Murojaatnomada aks etgan muhim masalalar, ilgari surilgan tashabbuslar haqida o‘z fikr-mulohaza va munosabatini bildirmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i Hamdam Niyozov O‘zA muxbiriga o‘z fikrlarini bayon qilar ekan, mazkur Murojaatnoma fuqarolar xohish-istaklarining ifodasi bo‘lganini qayd etdi:

– Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichiga yo‘naltirilgan muhim siyosiy hujjat sifatida katta ahamiyat kasb etadi. Unda har bir soha va yo‘nalishda aniq va puxta ishlangan strategiya bilan ish ko‘rish va eng asosiysi, xalq ichidagi gaplar va odamlarning xohish-istaklariga e’tibor qaratildi.
Murojaatnomada ko‘tarilgan eng muhim masalalardan biri bu intellektual salohiyatga ega kadrlarni tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish kelgusi yil uchun dasturning to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi.
Ma’lumki, hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida dunyoda ish o‘rinlarining soni, shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda. Yaqin besh yilda esa mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtiriladi, 50 foizi bo‘yicha esa yangi malakalar talab qilinadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu jarayonlar bizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Endilikda mamlakatimiz mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarurligi alohida qayd etildi.
Yana bir masala bu – mehnat bozoriga kerakli kadrlar tayyorlash masalasi bo‘ldi. Ma’lumki, mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy ma’lumotli kadrlar kirib kelyapti. Murojaatnomada qayd etilishicha, endi oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lib xizmat qiladigan raqamli ekotizim yaratiladi. Unda talabalarning akademik ko‘rsatkichlari va korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “onlayn” tarzda ko‘rinib turadi. Ushbu ekotizim bitiruvchi kurs talabalari uchun o‘ziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni jalb qilish imkonini beradi.
Qayd etish kerak, bugun aholini qiynab kelayotgan va yechimini kutayotgan muammolardan biri bu yo‘llardagi tirbandlik masalasidir. Bugun shaharlardagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etildi. Shu bois, dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etilishi ma’lum qilindi. Endi katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi.
Shundan kelib chiqib, aholiga qulaylik yaratish maqsadida bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishi qayd etib o‘tildi. Shu bilan birga, poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘ladi, shahar ko‘chalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar ko‘paytiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentmizning Murojaatnomasi jamiyat kayfiyatini aniq his qilgan, xalq ichidagi gaplarni va odamlarning xohish-istaklarini baland ovozda aytgan siyosiy chiqish bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, yakunlanayotgan 2025 yil ko‘plab yutuqlarga va tarixiy natijalarga boy yil bo‘ldi. Murojaatnomani tinglab, shuni aytish mumkinki, kelgusi 2026 yil bundan-da samarali, yangidan-yangi marralarni zabt etadigan yil bo‘ladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O'zA