Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov bitiruvchilarni qutlab, ularning kelgusi ishlarida omadlar tiladi.
Joriy yilda universitetni 12 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishida 791 nafar bakalavr, 10 ta magistratura yo‘nalishida 78 nafar magistr tamomladi.
– Inson uchun eng katta baxt ilm yo‘lida erishgan yutuqlaridir, – deydi bitiruvchi magistrant Farizbek Tursunov. – Bugun biz kabi bitiruvchilar uchun ana shunday unutilmas daqiqalardan biri bo‘lmoqda. Ustozlar qo‘lidan diplom olar ekanman, ularning tilaklari menga dalda bo‘ldi. Kelgusida konchilik sohasidagi ilmiy faoliyatimni davom ettirib, soha taraqqiyotiga hissa qo‘shishni maqsad qilganman.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 31 martdagi “Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 1995 yilda tashkil topgan institut o‘z faoliyatining 27 yiliga kelib universitet maqomiga ega bo‘ldi.
bugungi kunda universitetda faoliyat olib borayotgan 240 nafar professor-o‘qituvchining 32 nafari fan doktori va professor, 93 nafari fan nomzodi, falsafa doktorlari va dotsentlardan iborat bo‘lib, ilmiy salohiyat 50,4 foizni tashkil etadi. Birgina joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 1 ta doktorlik (DSc) va 23 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi.
– Bitiruvchilarning 650 nafari, ya’ni 75 foizi Navoiy kon metallurgiya kombinati tizimiga ishga qabul qilinmoqda, – deydi universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Jamoliddin Nazarov. – Qolgan 219 nafari, ya’ni 25 foizi Navoiy viloyati va respublikamizdagi yirik korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirilishi rejalashtirilgan.
[gallery-8019]
2022/2023 o‘quv yilida ish beruvchi korxona va tashkilotlarning talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 980 nafar, sirtqi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 1370 nafar abituriyent talabalikka, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 104 nafar talabgor qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA.