Yurtimizda yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, zamonaviy kasblarga o‘qitish, bandligini ta’minlash hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash masalalari davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ana shu yo‘nalishda Xonobod shahrida dual ta’lim tizimini joriy etish, ushbu tizim asosida o‘quvchi va talabalarini ishlab chiqarish korxonalariga jalb etish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.

- Shahardagi umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarning 350 nafar bitiruvchisining kasb-hunar egallashiga ko‘maklashish maqsadida ular ishlab chiqarish korxona va tashkilotlariga jalb etilgan, - deydi Xonobod shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Shahlo Tursunaliyeva. - Bu bitiruvchilarimizga maktabni biror kasb-hunarni o‘rgangan holda tamomlash imkonini beradi.

Bundan tashqari, shahardagi ikkita texnikumning 357 nafar o‘quvchisi “Uzkoje” xorijiy korxonasi, “Lens Textil”, “Fauz Tex”, “Oltin Vodiy Textile” singari korxonalar hamda Kampirrovot suv tozalash inshootida dual ta’lim asosida amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.

O‘quvchilar nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlamoqda.
Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida yoshlar zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash, ishlab chiqarish jarayonlarini o‘rganish, mehnat intizomi hamda jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirmoqda. Bu ularning kasbiy salohiyatini oshirish, kelgusida ishga joylashishlari uchun mustahkam zamin yaratadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari