Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bitiruvchilar ish bilan ta’minlanadi
19:00 / 2024-07-10

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida bitiruvchilarni mustaqil hayotga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda institut rektori Orifjon Bozorov, “Uzbekistan GTL” MCHJ bosh direktori Alisher Bahodirov, Qarshi shahar hokimi Normo‘min Xolboyev, “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ direktori o‘rinbosari O‘ktam Isayev ishtirok etdi.  

Ta’kidlash lozimki, 2023/2024 o‘quv yili institut jamoasi hayotida o‘ziga xos iz qoldirdi. Jumladan, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “InnoWeek-2023” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligida “Konchilik ishi” kafedrasi mudiri Abbos Shodiyev “Eng yaxshi ixtirochi”, sanoat issiqlik energetikasi ixtisosligi tayanch doktoranti Olmosbek Qo‘ziyev “Eng yaxshi ishlanma” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Ibrat Ismoilov “Ixtirochilik va ratsionalizatorlik” tanlovida 1-o‘rinni egalladi va 99 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi. “Umumtexnika fanlari” kafedrasi mudiri Sherzod Qurbonov “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.  

[gallery-18213]

Talabalarning erishgan natijalari ham har yildagidan yuqori. Masalan, 10 nafar talaba davlat nomdor stipendiyalar, 4 nafar talaba esa viloyat hokimi stipendiyasi sohibi, yana 3 nafar talaba “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika innovatsion g‘oyalar tanlovi g‘olibi bo‘ldi.  

Eng quvonchlisi, ushbu o‘quv yilida institut tarixida birinchi marta institut talabasi Zavqiddin Boboqulov Prezident stipendiyasi sohibi bo‘ldi. Sanoat issiqlik energetikasi ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktorant Sevara Mirzayorova “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.  

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 iyuldagi “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ta’lim va korxonalar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamladi. E’tirof etish mumkinki, qaror talablaridan kelib chiqib, viloyatdagi neft-gaz-kimyo sohasiga ixtisoslashgan yirik korxonalar bilan hamkorlik keng yo‘lga qo‘yildi.  

2023-2024 yillar davomida institut talabalaridan 700 nafarining amaliyoti ta’lim klasteri tarkibidagi korxonalarda tashkil etildi.  

Korxonalarning malakali xodimlaridan 20 nafari o‘quv jarayoniga jalb etildi, institut professor-o‘qituvchilaridan 28 nafarining ishlab chiqarish korxonalarida stajirovkasi tashkil qilindi. Klaster korxonalari tomonidan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amaliyot va stipendiya bo‘yicha tanlovlar joriy etildi.  

Ma’lumot o‘rnida bu yil institutni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 2019 nafar, sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 1585 nafar, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 16 nafar bitiruvchi yakunladi. Eng e’tiborlisi, Belarus milliy texnika universiteti bilan hamkorlik doirasida 38 nafar talaba ushbu xorijiy universitetni tamomladi.

Tadbir elimiz ardog‘idagi san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.  

O‘lmas Barotov,  

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari