Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bitiruvchilar bandligini ta’minlash muhim masala
12:46 / 2024-10-10

Bandlik dasturi – amalda

Andijon mashinasozlik institutida “Hokim va yoshlar uchrashuvi” doirasida viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov institutning bitiruvchi talabalari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.  

Ayni kunda 30 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 9 ming nafardan ziyod talaba tahsil olayotgan Andijon mashinasozlik institutida ta’lim sifatini oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, xalqaro andozalarni amaliyotga tatbiq etish, bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.  

[gallery-19679]

Institut professor-o‘qituvchilari, bitiruvchi bosqich talabalari ishtirok etgan uchrashuvda viloyat hokimi keyingi yillarda  mamlakatimizda sanoat, xususan, mashinasozlikni rivojlantirish, tashqi savdo aloqalarini kengaytirish, iqtisodiyotga xorijiy investitsiyani jalb etish, mahalliy va xorijiy investorlar uchun jozibador ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, bu o‘z navbatida institutni tamomlayotgan mutaxassislarga bo‘lgan talabni keskin oshirishini, institutning salohiyati va imkoniyatlari yuqori ekanligini alohida ta’kidladi.  

– Tadbirkorlarga barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda, – dedi viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov. – Zamonaviy texnikalar olib kelinmoqda, yangi korxonalar tashkil etilib, yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.    

Tayyorlanayotgan mutaxassislarni ana shu zamonaviy texnika va texnologiyalarda ishlay olishi, malakasini shakllantirish maqsadida qator yirik ishlab chiqarish korxonalarida alohida xonalar tashkil etildi. Mazkur maskanlarda  bundan keyin bitiruvchilar ham nazariy, ham amaliy bilimlar oladi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishadi.  

Bundan tashqari, dual ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Bilim va amaliy  ko‘nikmalarni yaxshi o‘zlashtirgan bitiruvchilar o‘sha yerning o‘zida ishga olib qolinadi.  

Uchrashuvda malakali mutaxassislar tayyorlash, institut va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, umuman, bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash masalasi muhim ekanligi alohida qayd etildi.  

Uchrashuvda viloyat hokimi talaba yoshlarni yaratib berilayotgan yuqoridagi kabi imkoniyatlardan unumli va samarali foydalanishga chaqirdi.  

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida viloyat rahbari mutasaddilarga bitiruvchi talabalarni viloyatdagi korxonalar faoliyati bilan tanishtirish, mutaxassisligi bo‘yicha korxonalarga biriktirish yuzasida mutasaddilarga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.  

F. Ubaydullayev,  

Z. Umrzoqov (surat),  

O‘zA muxbirlari.