Bitiruvchilar bandligi ta’minlanmoqda
Joriy yilda Surxondaryo viloyatidagi kasb-hunar kollejlarini 43 ming 500 dan ziyod yosh mutaxassis 102 yo‘nalish bo‘yicha bitirdi.
Joriy yilda Surxondaryo viloyatidagi kasb-hunar kollejlarini 43 ming 500 dan ziyod yosh mutaxassis 102 yo‘nalish bo‘yicha bitirdi.Mamlakatimizda navqiron avlodni ma’nan va jismonan barkamol etib tarbiyalash, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar yuksak samaralar bermoqda.
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Zamonaviy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga e’tibor kuchaytirilib, o‘quv mashg‘uloti va ishlab chiqarish amaliyotining uzviyligi ta’minlanayotgani yosh mutaxassislarning o‘zlari tanlagan kasb sirlarini puxta o‘zlashtirishida alohida ahamiyat kasb etayotir.
– “Korxona – kollej” hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilgani bo‘lajak mutaxassislarning amaliyot mashg‘ulotlarida tanlagan kasbi bo‘yicha yetarli ko‘nikma hosil qilishi va ko‘pchiligining keyinchalik shu yerning o‘zida ishlab qolishi imkonini berayotir, – deydi viloyat o‘rta maxsus, kasb hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Karomat Ashurov. – Bu yilgi bitiruvchilarning 24 ming 723 nafari tuzilgan uch tomonlama shartnoma asosida korxona va muassasalarga ishga joylashgani buning yorqin dalilidir. Bitiruvchilarning o‘n besh mingdan ortig‘i oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish istagini bildirgan.
Yosh mutaxassislarning bandligini ta’minlash yuzasidan muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilib, viloyat, tuman va shahar hokimliklarida, ta’lim muassasalarida shtablar tashkil etildi. Kollejlarga hududdagi tijorat banklari, soliq inspeksiyasi, bandlikka ko‘maklashuvchi markazlar va boshqa mutasaddi tashkilotlardan mas’ullar biriktirilib, monitoringi yo‘lga qo‘yildi. Shunga muvofiq olib borilgan tahlillarga ko‘ra, bitiruvchilarning 9 ming 451 nafari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, 2 ming 550 dan ziyodi kasanachilik va tomorqa xo‘jaligi, 140 ga yaqini ishlamayotgan korxonalarni qayta tiklash hisobidan ishga joylashtirilmoqda. Bitiruvchilarning bir qismi kichik korxona va mikrofirmalarda ishlayotgan bo‘lsa, ikki mingga yaqini namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan uy-joylar qurilishida mehnat qilmoqda. 2 ming 561 bitiruvchi imtiyozli mikrokredit mablag‘lari evaziga o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqda.
Jarqo‘rg‘on qurilish va gidrotexnika kasb-hunar kollejini yetti yo‘nalish bo‘yicha 369 yigit-qiz tugatib, ikki yuzga yaqini ish bilan ta’minlandi. O‘ndan ortiq yosh mutaxassis tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirdi. Kollejni umumqurilish yo‘nalishi bo‘yicha tugatgan Doston Bo‘riyev ham tadbirkorlikka ishtiyoqi baland yoshlardan.
– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yoshlarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagini kuchaytirmoqda, – deydi D.Bo‘riyev. – Ko‘plab tengdoshlarim qatori men ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qaror qilib, mebel ishlab chiqarish uchun biznes reja tayyorladim. Tijorat banki tomonidan loyiham qo‘llab-quvvatlanib, yetarli miqdorda imtiyozli kredit ajratildi. Endi turli mebellar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqdaman.
Viloyatda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yoshlarning biznes rejasini moliyalashtirish uchun 15 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bu mablag‘ evaziga yoshlar uchun 2 ming 674 yangi ish o‘rni yaratiladi. Hozirgacha to‘rt yuzdan ortiq bitiruvchining 7 milliard so‘mlikka yaqin biznes rejasi moliyalashtirildi, besh yuzga yaqin ish o‘rni yaratildi. Bu yil tijorat banklari ko‘magida Termiz shahrida 350, Denov tumanida 244, Jarqo‘rg‘onda 225, Angor tumanida 190 o‘g‘il-qiz xususiy sektorda o‘z salohiyatini sinovdan o‘tkazadi. Uzun, Qumqo‘rg‘on, Qiziriq tumanlarida ham ko‘pchilik yoshlar keyingi faoliyatini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan bog‘lash istagini bildirgan. Yoshlarning qishloqda chorvachilik, asalarichilik, hunarmandlik va zamonaviy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, issiqxona barpo etish, ixcham ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlari qo‘llab-quvvatlanib, moliyaviy rag‘batlantirilayotgani joylarda bandlik masalasini hal etishga ko‘maklashish bilan birga, aholi farovonligini yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda.
Bu yil kollejlarni tugatgan qizlarning bandligini ta’minlashda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida faoliyat yuritayotgan shtab yaqindan ko‘maklashmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilanayotir.
– Kollejlarni bitirayotgan qizlarni ish bilan ta’minlash masalasi doimiy e’tiborda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Qobulova. – Hozirga qadar yetti mingga yaqin bitiruvchi qizlarning bandligi ta’minlandi. Imtiyozli kredit evaziga qishloqda tikuvchilik-bichuvchilikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan uch mingdan ziyod qizlar qo‘llab-quvvatlandi. Ana shu maqsadda olti yuzdan ortiq tikuv mashinasi keltirildi va hujjatlar rasmiylashtirilib, qizlarga berildi.