Shirin energetika texnikumida ta’limni yakunlagan bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda shahar hokimining o‘rinbosari F. Alimov, texnikum rahbariyati, shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi hamda tegishli mas’ullar ishtirok etdilar.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda texnikumni 244 nafar o‘g‘il-qiz tamomlagan bo‘lib, shundan 57 nafar bitiruvchining bandligi hozircha ta’minlanmagan. Tahlillarga ko‘ra, bandligi ta’minlanmaganlarning 19 nafari qo‘shni viloyatlar va Tojikiston Respublikasidan kelgan yoshlar, 38 nafari Sirdaryo viloyati tuman va shaharlaridan, shundan 15 nafari esa bevosita Shirin shahar yoshlari hisoblanadi.
[gallery-25483]
Muhokamalar davomida ushbu muammoni tezkor hal etish yo‘llari ko‘rib chiqildi. Xususan, yoshlarni munosib ish o‘riniga joylashtirish uchun ta’lim muassasalari, ish beruvchilar va bandlik xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, shuningdek, qo‘shni hududlar bilan hamkorlikda ishlash zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida qisqa fursatda barcha bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Shahriyor ORTIQBOEV (surat), O‘zA