Prezidentimiz oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib, bu bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Talaba qo‘shimcha daromadga ega bo‘lish bilan birga o‘z amaliy tajribasini ham orttiradi. Nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unligi esa katta ahamiyat kasb etadi.
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti
Nukus filialining professor-o‘qituvchilari talabalarning amaliyot o‘tash jarayoni bilan bevosita tanishish, ularning olib borayotgan ishlarini o‘rganish va bandligini ta’minlash maqsadida To‘rtko‘l tumanidagi “Super baliqlar” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga tashrif buyurdi.
Dastlab, bu yerda amaliyot o‘tayotgan 4 nafar talaba uchun yaratilgan sharoit o‘rganildi, ish jarayoni bilan yaqindan tanishildi.

–2014 yilda 9 gektardagi oddiy hovuzda ish boshlagan bo‘lsak, hozirgi kunda yer maydonimiz 670 gektarni tashkil qiladi, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari D.Yusupov. – 30 dan ziyod texnika va 100 nafar ishchimiz bor. 300 million baliq chovog‘i yetkazib beramiz. Bu yerda ish jarayoni asosan aprel va may oylarida qizg‘in pallada bo‘ladi.
Hozirda amaliyotchi talabalar sun’iy ko‘lni qay tarzda barpo etish, qayta ishlash, dorilash va chovoqlarni ko‘lga tashlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Tashrif chog‘ida amaliyotchi talabalarni ish bilan ta’minlash borasida kelishuvga erishildi.
Keyingi manzil Taxiatosh tumanidagi baliqchilikka ixtisoslashtirilgan “Zamirbek-Taqыyatas” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. A.Hasanov rahbarligida 2019 yilda o‘z faoliyatini boshlagan mazkur fermer xo‘jaligida 2 nafar talaba ham amaliyot o‘tab ham ish bilan ta’minlanib, maosh olayotganligi barchani xursand qildi.
Talabalar o‘zlari uchun yaratilgan sharoitdan va topayotgan daromadidan mamnun ekanligini bildirdi. Xo‘jalik rahbari talabalarning tirishqoq va mehnatsevar ekanligini alohida e’tirof etib, ularga bilim berayotgan filial o‘qituvchilariga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Nukus tumanidagi “Nukus agro fish” mas’uliyati cheklangan jamiyatida amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlayotgan talabalarning ish faoliyati bilan ham tanishildi. 2019 yilning mart oyida faoliyatini boshlagan korxona aholini sifatli va arzon baliq mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda. Bu yerda 4 nafar talaba yopiq suv ta’minoti tizimi texnologiyasi asosida yetishtirilayotgan afrika laqqasi va sazan balig‘ini qay tarzda parvarish qilish, oziqlantirish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Germaniya va Angliyadan keltirilgan texnologiyalar bilan yaqindan tanishib, ish jarayonini o‘rganmoqda. O‘zaro suhbat davomida talabalarning olgan nazariy bilimlari amaliyotda juda qo‘l kelayotgani ta’kidlandi.
Nukus shahridagi “Qoraqalpoq baliq sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 3 nafar talaba amaliyot o‘tash bilan birga qo‘shimcha ish bilan ta’minlangan. Jumladan, intensiv usulda baliq yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lib, bu yerda ishchi sifatida o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Mana shu tarzda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti
Nukus filialida zooinjeneriya (baliqchilik) yo‘nalishida tahsil olayotgan 4-bosqich talabalarining amaliyot o‘tash jarayoni to‘liq o‘rganildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ilk bitiruvchilardan umid katta. Eng asosiysi, bo‘lajak yosh mutaxassislar amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash barobarida ish bilan ta’minlanib, qo‘shimcha daromadga ham ega bo‘lmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri