Mirzaobod tumanida joriy yilda oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni tuman hokimi Abdurahim Umarov boshqardi.
Yig‘ilishda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, sektor rahbarlari, ta’lim muassasalari direktorlari hamda yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ullar ishtirok etib, yoshlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish, kasbga qayta tayyorlash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda tumanda 451 nafar yosh oliy ta’lim muassasalarini bitirgan. Shundan 204 nafari doimiy ish o‘rniga joylashtirilgan, 33 nafari yakka tartibda tadbirkorlik (YATT), mas’uliyati cheklangan jamiyatlar (MCHJ) yoki boshqa o‘zini o‘zi band qilish yo‘nalishlarida faoliyat yuritmoqda. 10 nafar yosh mehnat migratsiyasiga ketgan, 16 nafari o‘qishni keyingi bosqichda davom ettirmoqda, 15 nafari turmushga chiqqan, 9 nafari esa bola parvarishi bilan band.
Hozirgi kunda 164 nafar bitiruvchi yosh ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan. Yig‘ilishda aynan shu yoshlarning har biri bo‘yicha manzilli ishlash, ularning malakasi va qiziqishlariga mos bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etish, kasbga qayta o‘qitish va "Yoshlar daftari" hamda “Ayollar daftari” tizimlari orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Tuman hokimi Abdurahim Umarov mutasaddilarga bitiruvchi yoshlarning bandligi masalasini nazoratda tutish, ular bilan yakka tartibda suhbatlar tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
– Bitiruvchi yoshlar — tumanimiz kelajagi. Ular o‘z bilim va salohiyatini amalda namoyon etishlari uchun har birimiz mas’ulmiz, – dedi Abdurahim Umarov. – Yoshlarni ish bilan ta’minlash nafaqat iqtisodiy masala, balki ijtimoiy barqarorlik va kelajak taraqqiyotining muhim omilidir.
Yig‘ilish yakunida sektor rahbarlari, mehnat bo‘limi va ta’lim tizimi mas’ullariga har bir ishsiz bitiruvchi bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, natijalarni haftalik kesimda tahlil qilib borish vazifasi yuklatildi.
G‘ulom Primov, O‘zA