Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlashga qaratilgan tashabbus
17:38 / 2025-12-19

Andijon davlat chet tillar institutida “Xalqchil davlat xizmatiga ochiq yo‘l” mavzusida bitiruvchi talabalar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining Andijon viloyati filiali tashabbusi bilan tashkil etilgan muloqotda filial mutaxassislari, institut o‘qituvchi hamda talabalari ishtirok etdi. 

Muloqotda mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, xususan, bitiruvchilarni davlat xizmatlariga jalb etish, mazkur jarayonda shaffoflikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi. 

 Mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5 maydagi “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati, shuningdek, viloyatda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini davlat xizmatlariga jalb etish, ularning iqtidor va salohiyatlarini namoyon etishlariga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumotlar berildi. 

Shuningdek, tadbirda bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularni davlat xizmatlariga jalb etish bo‘yicha tegishli idoralar, ish beruvchilar ishtirokida “Xalqchil davlat xizmatiga ochiq yo‘l” mavzusida seminar-treninglar o‘tkazish, umuman, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. 

Muloqot davomida bitiruvchi talabalar mavzu bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.  

Tadbir yakunida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tegishli reja-grafik asosida amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

F. Ubaydullayev,

 Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari