Toshkent viloyati hokimligida joriy yilda oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan bitiruvchilarning bandligini ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, Xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Malika Qodirxonova, viloyatdagi tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlari hamda universitetlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda bugungi kunda yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va hayotga mustaqil qadam qo‘yishlarida zarur sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.
[gallery-25278]
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash yo‘nalishida viloyatda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Hududda faoliyat yuritayotgan oliygohlarda joriy yil bitirgan talabalarning 80 foizga yaqining bandligi ta’minlangan. Xususan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi qaramog‘idagi imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan talabalarni ishga joylashtirish, xonadonida daromad oladigan kasb bilan shug‘ullanishi choralarini ko‘rishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, joylardagi xususiy sektorlar rahbarlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni korxonalarda ishga joylashtirish orqali soliqlardan imtiyozlar, subsidiyalar borligi tushuntirilmoqda. Birgina Bekobod tumanidagi “Xonqizi” tekstil korxonasi 20 nafar nogironligi bor insonlarni ishga olgan. Hozirgi kunda bu korxonaning 10 milliard so‘mlik buyurtmasi bor.
Muloqot davomida mas’ullar joylarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot-surishtiruv ishlari davomida hududlar imkoniyatidan kelib chiqqan xolda yoshlar orasida yakka tartibdagi tadbirkorlarni ham shakllantirish, ularga samarali ish olib borishiga yo‘l ochish zarurligi aytildi.
A.Musayev, A.Alijonov,O‘zA. (surat)