Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bitiruvchi bandligi – muhim masala
10:40 / 2016-02-09

Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilarini sifatli tayyorlash hamda ularning mehnatidan samarali foydalanish bo‘yichamuvofiqlashtiruvchi kengashning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilarini sifatli tayyorlash hamda ularning mehnatidan samarali foydalanish bo‘yichamuvofiqlashtiruvchi kengashning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining korxona va tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish, ularni ish bilan ta’minlash masalasi muhokama etilgan yig‘ilishda ushbu masala davlatimizning doimiy e’tiborida ekani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun ish o‘rinlari yaratish, ularning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlash mahalliy hokimliklar va mutasaddi idoralarning eng muhim vazifalaridan biri ekaniga e’tibor qaratildi.

– Joriy o‘quv yilida viloyatdagi kollejlarning 55 ming bitiruvchisi 8 hafta davomida korxona va tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashi belgilangan, – deydi Samarqand viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yo‘ldoshev. – O‘quvchilar egallayotgan mutaxassisligiga ko‘ra, 22 yo‘nalish bo‘yicha 30 boshqarma, korxona va tashkilot hamda ular tizimidagi 588 muassasaga biriktirildi. Amaliyot o‘taydigan o‘quvchilar haqidagi ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, har bir kollejdan mas’ul xodim tayinlandi. Yana bir yangilik, endi ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish bo‘yicha shartnomani tuman yoki shahar hokimi, kollej direktori, amaliyot o‘taydigan korxona rahbari, bitiruvchi va uning ota-onasi imzolaydi. Shartnomada tomonlarning aniq majburiyatlari belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, tuman-shahar hokimiga kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish, ishga joylashtirilishini nazorat qilish majburiyati yuklangan.

Avvalgi yillardan farqli o‘laroq, bu yilgi tizimda qo‘shimcha ravishda kollej o‘quvchisining ishlab chiqarish amaliyotidagi ishtiroki, o‘qishda olgan nazariy bilimini amaliyotda qo‘llay olishi yuzasidan korxona rahbari tomonidan unga tavsifnoma berish tizimi joriy etildi. Bu kollej rahbari uchun korxona tomonidan berilgan buyurtma vazifasini o‘taydi va shu asosda bitiruvchilarning amaliyot jarayoni baholanadi, shuningdek, bitiruvchining ishga qabul qilinganligiga aniqlik kiritiladi.

Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan bitiruvchilarga imtiyozli kredit ajratish borasida ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Hozirgacha 7 ming 600 dan ziyod yigit-qiz tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan bo‘lib, tijorat banklari tomonidan ularga 40 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratish rejalashtirilgan.

Tadbir doirasida “Biz kelajak mutaxassislarimiz” shiori ostida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi. Unda viloyatdagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari 21 ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha egallagan kasb ko‘nikmalarini amalda namoyon etdi.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etilib, bitiruvchilarga tavsiyalar berildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Z.Mirzayev so‘zga chiqdi.