Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bitiruvchi – 2021: Sirdaryolik 11 ming 400 nafar 11-sinf bitiruvchisi mustaqil hayot sari kuzatildi
12:04 / 2021-05-25

2020/2021 o‘quv yilida Sirdaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli mavjud 313 ta umumta’lim maktabida jami 158 ming 600 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olib, ularning 82 ming 100 nafari yoki 51,7 foizini o‘g‘il, 76 ming 500 nafari yoki 48,3 foizini qiz bolalar tashkil etdi.

Guliston shahridagi 11-sonli umumta’lim maktabida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri 4-, 9- va 11-sinf o‘quvchilari, ularning sinf rahbarlari, maktab ma’muriyati, Guliston shahar hokimligi, Sirdaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va uning shahar bo‘limi vakillari ishtirokida, ijtimoiy masofa saqlangan va karantin qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda tashkil etildi.

Tadbirda Guliston shahar hokimi To‘lqinjon Dadaboyev va boshqalar Prezidentimizning bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigi, Davlatimiz rahbarining yoshlarga juda katta e’tibor berayotganining yorqin misoli ekani, mamlakatimizda yosh avlodning oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishi, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarida tahsil olib, o‘zlari xohlagan kasbni egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilganini alohida ta’kidladi.

– Viloyatida joriy o‘quv yilida 11-sinfni 11 ming 367 nafar va yana 33 nafar yakka tartibda shug‘ullangan o‘quvchi bitirmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Otabek Donoboyev. – Bitiruvchilarning 267 nafari maktabni oltin, 33 nafari kumush medallar bilan tamomladi. Biz bu medallarni o‘quvchilarimiz davlat bitiruv imtihonlar yakuniga yetgandan so‘ng ularga tantanali ravishda topshirishni rejalashtiryapmiz. Umumta’lim maktablarimizdagi barcha davlat bitiruv imtihonlari shaffof va karantin qoidalariga to‘la rioya qilingan holda o‘tishi uchun aniq reja ishlab chiqilib, barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi ta’minlanadi. Imtihonlar ijtimoiy masofa to‘la saqlangan holda tashkil etiladi.

Shuningdek, viloyatdagi mavjud umumta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilari joriy o‘quv yilida 12 ming 221 nafarni tashkil etib, shulardan 5 ming 412 nafari qiz, 6 ming 809 nafari o‘g‘il bolalardir.

Yangi 2021/2022 o‘quv yilida esa Sirdaryo viloyati bo‘yicha 13 ming 923 nafar 7 yoshli sirdaryolik o‘g‘il-qiz 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha ro‘yxatga olingan.

Viloyatda faoliyat olib borayotgan 6 ta kollej, 7 ta texnikum va 11 ta kasb-hunar maktabi 5 mingdan ortiq bitiruvchini qabul qilishga ravishda tayyor.  

So‘nggi qo‘ng‘iroq tadbiri yakunida o‘quv yili davomida barcha fanlardan a’lo baholar olgan a’lochi, fan olimpiadalarida faol ishtirok etgan o‘quvchilarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.  

 

A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA