Yangi yil bayrami arafasida Bishkek shahrida Qirg‘iziston milliy kutubxonasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, andijonlik taniqli adib, olim, publitsist va tarjimon Habib Siddiqning qirg‘iz tilida chop etilgan “Amerikalыk koңshularыm” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmalari, Qirg‘iziston Milliy kutubxonasi, Bishkekdagi “Uluu toolor” nashriyoti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda qirg‘izistonlik va o‘zbekistonlik shoir-yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar, adabiyot ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda o‘zbek va qirg‘iz ijodkorlari o‘rtasidagi hamkorlik ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini, adabiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.
Tadbirda so‘z olgan Qirg‘iziston xalq shoirlari Markaboy Aamatov, Akbar Risqulov, Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arboblari Toraboy Jorayev, Begijon Ahmedov va boshqalar kitob, uning qirg‘iz tiliga tarjimasi haqida o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi.

Taqdimot yakunida Habib Siddiq o‘zbek, qirg‘iz, rus va qoraqalpoq tillarida chop etilgan kitoblarini Qirg‘iziston Milliy kutubxonasi fondiga sovg‘a qildi. Shuningdek, yozuvchiga Qirg‘iziston Milliy Yozuvchilar uyushmasi faxriy a’zoligiga qabul qilinganligi haqidagi guvohnoma topshirildi.
F. Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri