Yosh sambochilarimiz jahon chempionatida qatnashmoqda. Medallarimiz hozircha 8 tani tashkil etmoqda.
Ayni kunlarda Qirg‘izistonning Bishkek shahrida sambo bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Dunyoning 40 dan ziyod davlatidan sportchilar ishtirok etayotgan chempionatda O‘zbekiston terma jamoasining 30 dan ziyod sportchilari yurtimiz sharafini himoya qilmoqda. Musobaqalar davomida 37 ta medallar jamlanmasi uchun kurashlar bo‘lib o‘tadi.
Kecha chempionatning ilk kunida mamlakatimiz sambochilari 8 ta medalga egalik qildi. Terma jamoamiz a’zolari sazovor bo‘lgan 1 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medalining 5 tasi yoshlarimiz hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 3 tasi o‘smir sambochilarimiz tomonidan qo‘lga kiritildi.
Bishkek sport maydonidagi bellashuvlar natijasida Bektemir Normamatov oltin, Muxlisa Turdiyeva, Shahzoda Azatova, Mavluda Abdullayeva, Abdurahim Sa’dullayev kumush, Munis Baxtiyorov, Abbos Shermahmatov va Saidodiljon Abdumutalipov bronza medali bilan O‘zbekistonga qaytadigan bo‘ldi.
Jahon chempionati 8 oktyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA