English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birorta yosh e’tiborsiz qolmaydi
14:29 / 2024-06-06

Yurtimizda iyun oyi “Yoshlar oyligi” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan Yoshlar ishlari agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan G‘uzor tumanida “Yoshlar oyligi” yuzasidan matbuot anjumani va press-tur tashkil etildi.

Dastlab Mustaqillik mahallasidagi yangi qurilgan “Nuroniylar” maskanida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.  

Unda tashkilotning viloyatda yoshlarning iqtidor va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasida o‘tkazayotgan turli xil tanlovlari, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imtiyozli kreditlar ajratish, keng yoshlar qatlamini qamrab olgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.  

Xususan, yoshlar o‘rtasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish maqsadida bugungi kunda viloyatning tuman (shahar) larida 6 ming 447 nafar yosh ingliz tiliga, 2 ming 932 nafar yosh nemis tiliga, 137 nafari  boshqa tillarga o‘qitilmoqda. Xorijiy tillarga o‘qiyotgan yoshlarning 287 nafari til bilish sertifikatini qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, Qarshi hamda Shahrisabz shaharlaridagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida 120 nafar o‘quvchi- yosh nemis tiliga o‘qitilmoqda. Bugungi kunga qadar ularning 32 nafari A2, 26 nafari V1 o‘zlashtirish ko‘rsatkichini qayd etishga ulgurgan.

– Bundan tashqari, Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan yoshlarning xorijiy tillarni bepul o‘rganishi uchun tashkil etilgan “Ibrat farzandlari” loyihasi, jumladan,  “Ibrat Academy” mobil ilovasining Qashqadaryo viloyatida keng targ‘iboti har bir mahalla yoshlar yetakchilari tomonidan amalga oshirilmoqda, – dedi viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi rahbari Ulug‘bek Sultonov. – Viloyat bo‘yicha bugungi kunga qadar “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 105 ming 509 nafar yosh 22 ta xorijiy tilni o‘rganmoqda. Ushbu yoshlar tomonidan 2 ming 219 ta til bilish sertifikati qo‘lga kiritilgan.  Joriy yilning yakuniga qadar “Ibrat academy” ilovasidan ro‘yxatdan o‘tgan yoshlar sonini 150 ming nafardan oshirish rejalashtirilgan.

Shundan so‘ng tumandagi Buyuk Karvon mahallasida faoliyat boshlagan yosh mebel ustasi Jamshid Nazarov faoliyati bilan tanishildi.  

Endigina 24 yoshni qarshi olgan tadbirkor yigit o‘tgan yili mahalla yoshlar yetakchisining ko‘magi bilan 33 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i evaziga mebel ishlab chiqarish sexini ochgan.

– Ayni paytda o‘n turdan ziyod mebellar ishlab chiqaryapmiz, – deydi J.Nazarov. – Boshida ikki nafar tengdoshimni ish bilan ta’minlagan edim, hozir 5 nafar ishchimiz bor. Hozircha ijarada ishlab turibmiz. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz. To‘qqiz yildan buyon shu ish bilan shug‘ullanaman.  

Shundan so‘ng Yonqishloq mahallasida barpo etilgan “Workout+streetball” sport maydonchasi bilan tanishildi. Ushbu maydoncha shu mahallalik qiz bolalar jamoasining “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida stritbol sport turi bo‘yicha faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani evaziga respublika mablag‘i hisobidan qurib berilgan. Mazkur mahallada ayni paytda 1,5 ming nafarga yaqin yosh mavjud. Uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida qurilgan maydoncha mahalla yoshlarining sevimli maskaniga aylangan.  

Keyingi manzil Jarariq mahallasi bo‘ldi. Ushbu mahallada 37 nafar ishsiz yosh bo‘lib, ularning bandligini ta’minlash maqsadida 20 gektar yer maydoni dehqon xo‘jaligi sifatida 30 yil muddatga auksion asosida olib berilgan. Ayni ushbu yer maydonlarining 3 gektariga qovun va qolganiga kungaboqar ekilgan.  

Shu mahallalik Baxriddin Komilov va Oqil Temirovlar ham shu kungacha ishsiz edi. Mahalla yetakchisining ko‘magi bilan ular ham auksiondan yer yutib olishdi va dehqonchilik qilishmoqda. Yerga qovun ekishdi. Hozir qovun palaklari yetilib, hosili pishish arafasida. Hademay bozorga chiqadi.  

Tumanining Navro‘z mahallasida yashovchi Shohmurod Haydarov mahalla yetakchisining ko‘magi bilan imtiyozli kredit olib, qush boqish biznesini yo‘lga qo‘ydi. Ko‘chadan yurarkansiz, xonadon darvozasidan bir bosh suqmasdan o‘tolmaysiz. Buning sababi bor, albatta. Ko‘chaga qadar eshitilib turadigan qushlar ovozi sizni ham ushbu manzilga chorlaydi.

Shohmurod Haydarovni qushlarning haqiqiy bilimdoni, deyish mumkin. Bolaligidan qushlarga mehr qo‘ygan bu yigit qush boqishni avvaliga shunchaki qiziqish sifatida boshlagandi. Bugun hovlini tutib turgan qushlar ovozi kishiga zavq, tetiklik baxsh etsa, Shohmurod uchun bu doimiy mashg‘ulot. U qushlarni ko‘paytirish, turlari sonini oshirish yo‘lida tinimsiz harakatda. Bugun Shohmurod parvarishlayotgan qushlarning turi o‘ndan ortgan. Qolaversa, bu ish ortidan yaxshigina daromad topish imkoni ham yaratilgan. Ko‘rsatilgan yordamlar va tavsiyalar asosida qo‘shnilari ham qush parvarishlashni yo‘lga qo‘ygani uni  xursand qilmoqda.  

– O‘zim qush parvarishiga yoshligimdan qiziqaman, – deydi Shohmurod Haydarov. – Keyin mahalla yetakchisi, hokim yordamchisi tavsiyasi bilan kredit mablag‘i olib faoliyatimni yanada kengaytirdim. Qushlarning turlarini ko‘paytirdim. Ko‘payishi uchun sharoit yaratdim. Shukrki, ishlarimiz rivojlanmoqda. Hozircha asosiy xaridorlar maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘lmoqda. Bundan tashqari, parrandachilikni rivojlantirish maqsadida xonadonimizda inkubator ham tashkil qilib, hozir zotli parrandalarni yetishtirish harakatidamiz. Ayni paytda tovus tuxumidan polapon olishni tajriba qilyapman.  

[gallery-17730]

Ha, intilganga tole yor. Bugun harakat qilgan, qimirlagan yosh borki, maqsadiga yetmoqda, orzulari ushalmoqda. Mahallalarda faoliyat yuritayotgan yetakchilar, hokim yordamchilari, umuman, mahalla raisi boshchiligidagi “yettilik” yoshlarning bu istaklari amalga oshishiga ko‘maklashmoqda. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi, deydi dono xalqimiz. Qaysidir ko‘rinishdagi bir martalik moddiy yordamdan ko‘ra, biror-bir hunarni egallash yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish o‘sha yoshning keyingi taqdiri uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari