English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birorta talaba majburiy tarzda boshqa oliy o‘quv yurtiga ko‘chirilmaydi
10:08 / 2024-02-16

Ma’lumki, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan “NamXU OTM” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 2023 yil 10 fevralda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati uchun berilgan 062797-sonli litsenziyasi bekor qilingan edi.

Bo‘lib o‘tgan sud majlisi muhokamalarida oliy ta’lim tashkiloti faoliyatida aniqlangan qo‘pol qoidabuzarliklar asosli hujjatlar bilan sudga taqdim etilgan.  

Namangan viloyat sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2024 yil 12 fevraldagi tegishli qarori bilan “NamXU OTM” MCHJ litsenziyasi bekor qilinganligi to‘g‘risidagi qaror o‘zgarishsiz qoldirildi.  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki,  Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 10 maydagi buyrug‘iga muvofiq, tekshiruv o‘tkazilib, unga ko‘ra universitet tomonidan ta’lim tashkiloti, ta’lim oluvchilar va pedagog xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar vazirlikning “HEMIS” axborot tizimiga kiritilmaganligi, tashkilotda rektor maslahatchisi shtati birligi joriy etilmaganligi, talabalarning o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi ishlab chiqilmaganligi, barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha adabiyotlar, shu jumladan 95 foiz adabiyotning elektron variantlari yetishmasligi, universitet o‘qituvchilarining 23 nafari ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar hisoblansada, ulardan 15 nafarining asosiy ish joyi Namangan davlat universitetida ekanligi, litsenziya talabi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun 35 foiz ilmiy salohiyat belgilangan bo‘lsada, ta’lim tashkilotida 17 foizni tashkil etishi, ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlanmaganligi, tahsil olayotgan 858 nafar talabaga nisbatan ta’lim tashkilotining hududi yetishmasligi kabi holatlar aniqlangan.  

Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoqlarda Namangan xalqaro nodavlat universitetining talabalari majburiy tarzda Toshkent kimyo xalqaro universitetiga ko‘chirilayotganligi haqida asossiz xabarlar tarqaldi.  

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu xabar mutlaqo haqiqatga mos kelmasligini bildirib, litsenziyasi bekor qilingan “NamXU OTM” MCHJning talabalari o‘qishini arizasiga muvofiq belgilangan tartibda oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirilishi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Ishchi guruhi tomonidan olib borilayotganligini ma’lum qiladi. Jarayon to‘liq nazoratga olingan.  

Talabalarning o‘qishini ko‘chirish ishlari ularning o‘z arizasiga ko‘ra tashkil etilmoqda. Biror talaba majburlab boshqa oliygohga ko‘chirilmaydi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA