Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birodarlik qabristonida o‘zbekistonlik jangchilar xotirasi yod etilgan
11:04 / 2025-09-22

Rossiya va Belarus shaharlari bo‘ylab o‘tkazilayotgan “G‘alaba yo‘llari” xalqaro media turida qatnashayotgan MDH mamlakatlari axborot agentliklari jurnalistlari Sankt-Petrburg shahridagi Piskaryov memorial qabristonini ziyorat qilib, ona Vatan yodgorligi poyiga gullar qo‘ydilar.

26 gektar maydonni egallagan majmuadagi 186 ta ommaviy qabrda  1941 yil 8 sentyabrdan 1944 yil 27 yanvargacha  davom etgan 900 kunlik Leningrad qamali chog‘ida halok bo‘lgan 420 ming nafar shahar aholisi va 70 ming nafar urush qatnashchisi dafn etilgan.

—Gitlerchi fashistlar Leningradni qamal qilib, aholini ochlik va tinimsiz bombardimon natijasida qirib yuborishni hamda shaharni egallashni rejalashtirgandi, —deydi Piskaryov memorial majmuasi bo‘lim boshlig‘i Anna Zagrebnova. —Ammo shahar aholisining o‘rnatilgan oziq-ovqat normasiga qat’iy rioya etgani, mudofaani ta’minlash uchun tunu kun fidokorona mehnat qilgani va,albatta, sobiq sovet qo‘shinlarining jasorati tufayli Leningrad 900 kunlik qamalda garchi minglab qurbonlar bergan bo‘lsa ham fashistlarga taslim bo‘lmadi.

[gallery-25391]

Qamal vaqtida Ladoga ko‘li orqali shahar aholisiga oziq-ovqat yetkazib turilgan. Lekin 1941 yilda qish qattiq sovuqlar bilan kechib, ko‘l muzlagan va kemalar yurolmay qolgan. Ana shunda muz ustidan yo‘l sifatida foydalanilgan va bu yo‘lni “hayot yo‘li” ham deb atashadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Leningrad qamali paytida halok bo‘lganlar 96 foizining o‘limiga ochlik sabab bo‘lgan.

Oziq-ovqat ta’minoti og‘ir bo‘lgani sababli 1941 yil noyabr oyida har bir kishi uchun ovqat, asosan non ratsioni kuniga 250 grammni tashkil etgan bo‘lsa, keyinchalik 125 grammga tushirilgan. Lekin shunda ham nonning 60 fozi un bo‘lgan, xolos.

Majmuadagi muzeyda qamal paytida o‘rnatilgan tartibga ko‘ra aholiga berilgan 125 grammlik non bo‘lagi namunasi qo‘yilgan. Ana shu bir burda non Leningrad shahri qamali va urush haqida ko‘p narsalarni oydinlashtiradi.

Majmuada ona Vatan monumenti bilan birga shahar qamali va,umuman, urush chog‘ida mardlik va jasorat ko‘rsatib vafot etgan sobiq ittifoq davlatlari fuqarolari, turli sohalar vakillari xotirasiga 120 ta yodgorlik lavhasi o‘rnatilgan. Jumladan,   O‘zbekiston hukumati va xalqi nomidan qahramon shahar mudofaasida qatnashgan o‘zbekistonlik janchilar xotirasi uchun yodgorlik lavhasi bor.

Bu maskanga har kuni minglab insonlar, nufuzli delegatsiyalar keladi va ular qahramon shahar aholisi hamda fashistlarga qarshi kurashda jonini fido qilgan insonlar xotirasini yod etishadi.

G‘olib Hasanov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari

Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahri.