Gastrodiplomatiya qanday yo‘nalish? Taomlar ham diplomatiya vositasi bo‘la oladimi? Milliy oshxonalar xalqlarni qanday yaqinlashtiradi?
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasida “Birodar shaharlararo turizm: gastrodiplomatiya tajribasi” mavzusidagi davra suhbatida ushbu savollar yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
Tadbir Birodar shaharlar alyansi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston – Chexiya do‘stlik jamiyati va O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirning maqsadi hududlararo va birodar shaharlar o‘rtasida turizmni rivojlantirish, milliy oshpazlik an’analarini xalqaro maydonga olib chiqish, gastrodiplomatiyani do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashning samarali vositasi sifatida ilgari surishdan iborat bo‘ldi.
Gastrodiplomatiya – mamlakatning milliy taomlari, oshxonasi va ovqatlanish madaniyati orqali o‘z madaniyatini dunyoga tanitish va shu yo‘l bilan xalqaro munosabatlarni mustahkamlash jarayoni. Mamlakatlar bu borada o‘z milliy taomlarini festivallar, xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etadi, chet elda milliy oshxonalar ochib, shu orqali madaniy ta’sirini kuchaytiradi. Ya’ni gastrodiplomatiyani oddiy qilib, “taom orqali do‘stlik ko‘prigini qurish” deya ta’riflash mumkin.

Tadbirda ishtirokchilar birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, turizm orqali xalqlar o‘rtasidagi madaniy almashinuvni kuchaytirish, milliy taomlarimizni xorijda targ‘ib etish, shuningdek, oshpazlik san’ati orqali “xalq diplomatiyasi”ni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Shuningdek, gastroturizm dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish, yosh oshpazlar va mutaxassislar uchun xalqaro o‘quv-amaliy dasturlarni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonning milliy oshxonasini xorijda keng targ‘ib qilish, birodar shaharlar o‘rtasida qo‘shma gastronomik festival va ko‘rgazmalarni o‘tkazish, barqaror turizm va ekologik muhofazani qo‘llab-quvvatlash orqali zamonaviy hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Mutaxassislar gastrodiplomatiya xalqaro do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, milliy madaniyatni targ‘ib etish va turizmni barqaror rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi vakillari milliy taomlarimizning boy tarixi va xilma-xilligini alohida qayd etib, ularni xorijiy mamlakatlarda ommalashtirish orqali mamlakatimizning turistik jozibasini oshirish mumkinligini bildirdi.
Tadbir yakunida tomonlar o‘rtasida anglashuv memorandumlari imzolandi. Ushbu hujjatlar kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, gastroturizm dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda hududlararo madaniy va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘ladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA