“Birodar shaharlar” tashabbusi ilgari surildi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov Turkiyada bo‘lib, Sakariya shahri hokimi (Sakariya Buyukshexir Belediesi boshqaruvchisi) Yusuf Alemdar bilan uchrashdi.
Muloqotda savdo-iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki shaharni “birodar shaharlar” sifatida belgilash tashabbusi ilgari surildi. Shuningdek, turkiyalik tadbirkorlarning oktyabr oyida Qorako‘lga tashrif buyurishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Uchrashuv chog‘ida Yusuf Alemdar Buxoro bilan shaxsiy tarixiy bog‘liqligi borligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bobosi aslida Buxorodan bo‘lgan va shu sababli sharif shaharni o‘z yurtidek qadrlashini bildirdi.

Qorako‘l hokimi tumani safar davomida qator sanoat korxonalari faoliyati bilan ham tanishdi. Ular bilan investitsiyaviy masalalar yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.