Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birlashgan o‘zar...
11:39 / 2025-12-11

Sarhisob

2016 yil 11 noyabr kuni Prezidentlikka nomzod  Shavkat Mirziyoyevning xorazmlik saylovchilar bilan saylovoldi uchrashuvini olib borish baxtiga musharraf bo‘lgan edim. Ushbu uchrashuvdagi ma’ruzasida Shavkat Mirziyoyev  davr uchun yangi fikr bo‘lgan “Qo‘shning tinch–sen tinch” g‘oyasini o‘rtaga tashlab, yaqin qo‘shnichilik siyosatini amalga oshirishimiz haqida gapirganida, saylovchilar  bu maqsadni yetib bo‘lmas bir orzu kabi qabul qilgan edilar. Lekin tarix uchun qisqa bo‘lgan keyingi o‘n yil mazmunan yuz yillarga tatigulik davr bo‘ldi. Xalqimizning ushbu orzusini muhtaram Yurtboshimiz o‘zining shijoati va yuksak diplomatik mahorati bilan ko‘plab siyosatchilarga o‘rnak bo‘lar darajada amalga oshirdi. Natijada  so‘nggi o‘n yillikda Markaziy Osiyoning dunyoning geosiyosiy xaritasidagi mavqei tobora yuksalib borayotgani jahon xalqaro siyosatida yaqqol namoyon bo‘ldi.

Alohida rivojlanish yo‘lini tanlagan davlatlar — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston  bugungi kunda tarixiy, madaniy va iqtisodiy asoslarga tayangan holda birlashib, hamkorlik qilish ulkan istiqbollarga ega ekanini teran anglab yetdilar.  

Yaqin qo‘shnilar bilan hamkorlik qilishning o‘zaro manfaatliligi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy tamoyiliga aylandi. 

2018 yildan boshlab muntazamlik kasb qilib kelayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari orasidagi Maslahat uchrashuvlari mintaqaning siyosiy ko‘rinishini tubdan o‘zgartirib yubordi. Oldingi yillarda yechimsiz bo‘lib turgan muammolar — suv, chegara, transport, iqtisodiy masalalar, mamlakatlarimiz orasidagi do‘stona muloqotlar yordamida o‘zining ijobiy yechimlarini topmoqda.

O‘zaro ishonchga asoslangan muloqotlar samarasini ko‘rsatish uchun  quyidagi dalillar yetarli deb o‘ylayman.  2016 yil ohiridan  O‘zbekiston  tashqi siyosatida olib borilgan "qo‘shnilar bilan yaqinlashuv" konsepsiyasi butun mintaqaga ijobiy ta’sir qildi va 1991–2016 yillarda qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston hamda Tojikiston biz bilan deyarli yopiq chegaralarga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2017–2019 yillarga kelib chegaralarimizdagi 20 dan ortiq o‘tish punktlari qayta ochildi.

Shuningdek, Farg‘ona vodiysidan Bishkekka o‘tish uchun avval 6–7 soatlab navbat kutishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa,  bugun ushbu jarayon o‘tish joylarida fuqarolarimizning15–20 daqiqagina vaqtini oladi.

2016 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi taxminan 5,2 milliard dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 11 milliard dollardan oshdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo hajmi 2016–2024 yillarda qariyb 2 baravarga, Qirg‘iziston bilan 3 baravarga, Tojikiston bilan esa 4 baravarga ortdi.

Markaziy Osiyo davlatlarining tarixan murakkab masalalaridan biri – suv-energetika masalasi  bo‘lib kelgan edi. Davlatlarimiz orasida do‘stona munosabatlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida endi bu  sohada ham prinsipial ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Jumladan, Turkmaniston bilan hukumatlararo bitim doirasida Amudaryo suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishilganligi, suv resurslarini birgalikda boshqarishni yaxshilashga xizmat qilishi hamda ekologik muammolar xavfini kamaytirishda o‘z samarasini beradi.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida Qambarota GES-1 loyihasini birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim mintaqaning suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish amaliyotida yangi sahifa ochgani qardoshlarcha hamkorlikning namunaviy ko‘rinishi bo‘ldi. Shuningdek, Toshkent va Bishkek o‘rtasida “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv ushbu muammolarni oqilona yechish mumkin ekanligiga misol bo‘ladi.

O‘zbekiston va Tojikiston ishtirokida Zarafshon daryosida GESlarni qurish bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda.

Bularning barchasi ishonch, o‘zaro manfaatdorlik va umumiy resurslarga adolatli yondashuvga asoslangan yangi hamkorlik ruhini shakllantirmoqda. Bunday loyihalar aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaning energetik xavfsizligini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan erishilgan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan yana bir yo‘nalishi transport sohasi bo‘lib, bu sohada ham tahsinga sazovor loyihalar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, Transkaspiy yo‘lagi “Xitoy–Yevropa – Markaziy Osiyo orqali” yo‘nalishi, Termiz–Mozori Sharif–Qobul–Peshovar temir yo‘li — bu loyihalar mintaqamizning logistika sohasidagi nufuzini oshirib yubordi.

Iliq va do‘stona siyosat turizm sohasida ham o‘zining mevasini bera boshladi. Ya’ni Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida sayyohlar oqimi keskin o‘sdi. Bu yerda ham Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari asosiy drayver bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev  Prezidentlik  faoliyatining boshida xalqimiz hayajoniga sabab bo‘lgan “Qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik – tashqi siyosatimizning asosiy ustuvor yo‘nalishi” degan prinsip amalda o‘z tasdig‘ini topib, butun mintaqamizning obro‘sini oshirdi.  

Markaziy Osiyoning yagona pozitsiya bilan chiqishi AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Rossiya bilan munosabatlarda mintaqaning “tashabbuskor kuch” sifatida ko‘rilishiga olib keldi va biz bilan hisoblasha boshladilar. Biz bilan qalin munosabatlar o‘rnatishga intilish boshlandi. Markaziy Osiyo – AQSH (“C5+1”), Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi, Markaziy Osiyo – Xitoy, Markaziy Osiyo – Rossiya sammitlari muntazam o‘tmoqda. Bunday anjumanlarning bo‘lib o‘tishi mintaqa mamlakatlarining birlashganligi, ularning xalqaro maydondagi nufuzi oshganligining belgisi bo‘lib, endilikda mintaqa manfaatlarini yaxshiroq himoya qilishga imkon beradi.

Shuni aytish kerakki, davlatlarimiz orasidagi yaqin qo‘shnichilik munosabatlarining mustahkamlanishi mintaqa mamlakatlari kasaba uyushmalari o‘rtasidagi do‘stona munosabatni ham yanada mustahkamladi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 2021 yili Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan edi. Ushbu taklif Qozog‘iston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, 2021 yil 10 noyabrda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi ta’sis etildi.

Ushbu Kengashni tuzishdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning ijtimoiy-mehnat, kasbiy, iqtisodiy va boshqa qonuniy huquqi, manfaatini, kasaba uyushmalari faoliyatiga daxldor huquq va kafolatni himoyalash, uyushmalarning xalqaro birdamligini mustahkamlashga ko‘maklashish bo‘yicha ishtirokchi mamlakatlar kasaba uyushmalari harakatini birlashtirishdan iborat.

Bugungi kunda ushbu Kengashga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Mo‘g‘uliston kasaba uyushmalari a’zo sanaladi.  

Markaziy Osiyo kasaba uyushmalari kengashi faqat ijtimoiy xavfsizlik va mehnat muhofazasi bilan cheklanib qolmasdan, balki mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda.

Markaziy Osiyo borayotgan yo‘l — hamkorlik, birdamlik va taraqqiyot yo‘li. Uning bugungi qiyofasi — kechagidan mutlaqo boshqa, ertangisi esa yanada umidli. Mamlakatlarimiz orasidagi do‘stona munosabatlarning hamma havas qiladigan darajada yuksalayotganligini idrok qilib va bu yuksalishlarning me’mori, tashabbuskori, motivatori muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ekanligini his qilib, qalbimda shunday Yurtboshimiz borligi bilan faxrlandim va turkiy xalqlarimizning ming yillardan beri aytilib kelayotgan “Birlashgan o‘zar…” maqolini qayta-qayta takrorladim.

Shavkat SAFARBOEV,

Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining  Xorazm viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi, Xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashi deputati. O‘zA