Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birjaning davlat xaridlari tizimlarida axborot xavfsizligi kuchaytirildi
10:38 / 2024-05-20

Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2023 yilning 1-choragiga nisbatan 36,6 foizga o‘sib, 48,2 trillion so‘mni tashkil qilgan. Tuzilgan bitimlarning qariyb 78 foizi birja savdolariga, 22 foizi esa elektron tijorat savdo tizimlariga to‘g‘ri kelgan.

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi Hikmatullo Tillaboyev bu kabi natijalar va amalga oshirilgan ishlar haqida quyidagilarni ma’lum qildi:  

–Ushbu soha rivojida keyingi yillarda olib borilayotgan islohotlar ijrosi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2023 yil 12 dekabrdagi "Qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi  farmoni bu borada yanada keng imkoniyatlarni ochib berdi.  

Ushbu farmonga muvofiq, 2024 yil yanvar-mart oylarida 28 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi tomonidan fyuchers shartnomalari asosida 1723,4 ming tonna paxta xomashyosi birja savdolari orqali sotildi. O‘tkazilgan birja savdolari natijalariga ko‘ra, paxta xomashyosining o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 8284,0 ming so‘mni tashkil qildi. Bunda paxta xomashyosining birjada shakllangan narxi auksion evaziga uning boshlang‘ich bahosi (7800,0 ming so‘mni)ga nisbatan o‘rtacha 6,2 foizga o‘sdi.  

O‘tgan davrda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining “yashil energetika seksiyasi”da ilk bor “yashil energiya” sertifikatlari sotila boshladi. Uning natijalariga asosan birja orqali 94,7 million so‘mlik qariyb 7000 ta sertifikat sotildi. Sertifikatlar bo‘yicha birjada shakllangan dastlabki birja kotirovkasi bir dona sertifikat uchun 13360,0 so‘mni tashkil qildi.  

“Yashil energetika” sertifikatlarini birja savdolari orqali sotilishi qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini shakllantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotlarini Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlar bozorlariga eksport qilishda imtiyozlardan foydalanish imkonini beradi.  

Birjaning davlat xaridlariga kelsak, xarid.uzex.uz elektron savdo tizimida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2023 yilning mos davriga nisbatan 6,6 foizga oshdi va 10,5 trillion so‘mni tashkil qildi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi 79 foizga o‘sib, 3 trillion so‘mga teng bo‘ldi.  

Avtoraqam.uzex.uz savdo tizimimizda 212,2 milliard so‘mlik 52,6 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotilgan. Avtoraqamlarning sotuvi son va hajmi bo‘yicha 3,2 barobarga o‘sganini alohida ta’kidlash zarur.  

Shuningdek, pentesting-kiberxavfsizlik amaliyotini o‘tkazish orqali birjaning davlat xaridlari tizimlarida axborot xavfsizligi kuchaytirildi. Bu esa xaridlarning yanada ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.  

 

O‘zA muxbiri  

Nasiba Ziyodullayeva  

yozib oldi.