English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birja savdolarining yangi, soddalashtirilgan tartibi
16:10 / 2022-05-23

Sirdaryoda davlatimiz rahbari raisligida tovar-xomashyo birjasida savdolarni va unda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi boshqaruv raisi Ziyoviddin Badriddinov, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Karimov, tuman va shahar hokimlari, g‘allachilik klasterlari, fermerlar, tadbirkorlar va birja brokerlari ishtirok etdi.

G‘allachilik sohasida bozor mexanizmlarining joriy etilishi birinchi navbatda g‘alla mahsulotlarini birja savdolariga olib chiqishni nazarda tutadi.

Maqsad, g‘alla mahsulotlari uchun narxlar barqarorligini ta’minlashdan iborat. Fermerlarni ochiq birja savdolariga jalb qilinishi ularning shaxsiy manfaatdorligini oshiradi. Natijada ular yetishtiradigan g‘allaning hosildorligi oshadi va g‘alla bozoridagi taklif darajasi ham ko‘tariladi. Birjadagi narxlar esa, ma’lumki, faqatgina talab va taklif asosida shakllanadi. Ya’ni taklif darajasini oshirish orqali narxlarning pasayishi yoki barqaror diapazonda saqlanishiga erishish mumkin. Birja savdolari ham sotuvchi ham xaridorlar uchun sog‘lom raqobat muhitini yaratib beradi.

Seminarda qayd etilishicha, viloyatda 2 052 ta g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaligi va 19 ta g‘allachilik klasteri o‘rtasida g‘alla yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuzilgan. Joriy mavsumda 164,4 ming tonna g‘alla hosili yetishtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 112,7 ming tonnasi (78,1 foiz) davlat zaxirasi uchun, 31,6 ming tonnasi (21,9 foiz) birja orqali erkin narxlarda sotilishi belgilangan.

Viloyatda 21 ta brokerlik idorasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. bugungi kunda g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining 1 784 tasi, g‘allachilik klasterlarining esa barchasi to‘liq akkreditatsiyadan o‘tkazilib, brokerlar biriktirilgan.

Seminar davomida qatnashchilarga birja savdo tizimida ro‘yxatdan o‘tish, garov mablag‘larini kiritish, mijozlarga brokerlik idoralari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, mahsulotlarni savdo tizimiga kiritish qoidalari tushuntirildi.

Sh.Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA