Bugun “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining 2025 yil 9 oylik yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda ta’kidlanishicha, joriy yilning 9 oylik yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilgan.
Xususan, ko‘rib chiqilayotgan davrda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida 150,5 mingta yangi mijoz ro‘yxatdan o‘tkazildi va birjaning barcha savdo platformalarida jami 2,6 milliondan ortiq bitim tuzildi.
2025 yil yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30,3 foizga o‘sdi. Shu jumladan, birja savdolari 30,2 foizga, elektron davlat xaridlari 31,2 foizga, mobil raqamlar savdosi hajmi esa 37,6 foizga ko‘tarildi.

9 oylik natijalarga ko‘ra, davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uzex.uz elektron savdo tizimida o‘tkazilgan savdolar natijasida 7,3 trillion so‘mlik byudjet va korporativ buyurtmachilar mablag‘lari tejaldi. Birja savdolari bo‘yicha tuzilgan eng yirik bitimlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (37 foiz), yoqilg‘i-energetika mahsulotlari(23 foiz), qora va rangli metallar (18 foiz), kimyo va neftkimyo mahsulotlari (14 foiz) ulushlariga to‘g‘ri keldi.
2025 yil 9 oyligida birja savdolari orqali 4 013 kilogramm qimmatbaho metall, jumladan 3 732,8 kilogramm oltin va 280,2 kg kumush sotildi. Shu davrda 1 gramm oltin uchun birjada shakllangan o‘rtacha haftalik kotirovka 1 095,9 ming so‘mdan 1 504,1 ming so‘mgacha, ya’ni 37 foizga o‘sdi.
Birjaning “yashil energetika seksiyasi”da “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan 2,5 milliard so‘mlik 291,5 mingdan ziyod “yashil sertifikat”lar sotildi. Shuningdek, joriy yilda 301 ta sertifikat eksport qilingan.
Joriy yil boshidan buyon birjaning agro.uzex.uz elektron savdo platformasida 730 dan ziyod bitim tuzilgan bo‘lib, ularning 70 foizi ko‘chatlar, 14 foizi sabzavotlar va 6 foizi yorma mahsulotlari savdosiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, mobilraqam.uzex.uz savdo tizimida 7 433 ta mobil va qisqa raqam sotilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 47 foizga ko‘pdir.
Sotilgan mobil raqamning maksimal narxi 800 million so‘mni tashkil etdi.
Savdo ishtirokchilari uchun qulaylik yaratish va yangi mijozlarni jalb etish maqsadida yangi “Xarid” elektron davlat xaridlari mobil ilovasi ishga tushirildi. U foydalanuvchilarga davlat xaridlari doirasida elektron do‘konda va boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksionlarda qatnashish imkonini beradi.
Biznes jarayonlarni optimallashtirish va ish samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi sun’iy intellekt xizmatlarini joriy etmoqda. Xususan, elektron davlat xaridlari tizimida mijozlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sun’iy intellektga asoslangan AI chat-bot xizmati ishga tushirildi.
Endilikda xarid.uzex.uz platformasida avtorizatsiyadan o‘tgan foydalanuvchilar real vaqt rejimida, birjaning call-markaziga murojaat qilmasdan, o‘z so‘rovlariga tezkor javob va texnik ko‘mak olish imkoniyatiga ega.

Raqamli yordamchi qonunchilik, tender o‘tkazish tartibi, hujjatlarni rasmiylashtirish, savdolarda ishtirok etish va davlat xaridlariga oid boshqa masalalar bo‘yicha tezkor maslahat va tavsiyalar beradi.
Ushbu texnologiyani joriy etish mijozlarni qo‘llab-quvvatlashni yaxshilaydi, tizim bilan o‘zaro aloqa jarayonini soddalashtiradi va savdo operatsiyalarini bajarishda xatolar ehtimolini kamaytiradi.
Kelgusida AI chat-bot funksiyalarini kengaytirish, sun’iy intellektning yangi xizmatlarini joriy etish hamda ularni birjaning boshqa elektron savdo platformalariga integratsiya qilish rejalashtirilgan.
Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish maqsadida markazlashgan xaridlar, ekoplatforma va farmatsevtika tarmog‘i bo‘yicha ixtisoslashgan platformalar ishga tushirildi. Shuningdek, agrotexnika lizingi va ikki bosqichli davlat xaridlari tizimlarini ishga tushirish ham rejada.
Shuningdek, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Ilg‘or tajriba va tartiblar ishlab chiqilib, komplayens boshqaruv tizimi joriy etilgan. Uning samaradorligi birjaning boshqaruvi va kuzatuv kengashi yig‘ilishlarida muntazam ko‘rib chiqiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA