English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birinchi yarim yillikda sport sohasidagi natijalar qoniqarlimi?
09:45 / 2022-07-20

O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligida yarim yillik sarhisobi hamda oldinda turgan muhim vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati hamda respublika oliy sport mahorati maktablari direktorlari, Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarning vakillari, shuningdek ZOOM platformasi orqali hududiy bosh boshqarmalarning rahbarlari va hududiy sport federatsiyalari mas’ullari ishtirok etgan yig‘ilish tanqidiy-tahliliy tarzda o‘tdi. 

Yig‘ilishga O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri A.Ikromov raislik qildi. 

Unda ta’kidlanganidek, yurtimizda Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil etilgach, Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari, sport federatsiyalari hamda assotsiatsiyalarining uzaro hamkorlik aloqalari mustahkamlandi.  

Shunday bo‘lsa-da, oldinda yechimini kutib turgan bir qator masalalar mavjudligi, sohani har tomonlama rivojlantirishda xalqaro andozalardan foydalanish, mamlakat sporti rivojini ta’minlashda samaradorlikka erishishda yagona monitoring tizimini joriy etish lozimligi bildirildi. 

Joriy yil davomida yurtimiz sportchilari qator nufuzli musobaqalarda, chempionatlarda munosib ishtirok etishi kerakki, bu, Parij-2024 o‘yinlariga, kelgusi kompleks musobaqalarga tayyorgarlikning muhim bosqichi hisoblanadi.  



Bu borada shu yilning 28 iyul – 7 avgust kunlari Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida o‘tadigan “Osiyo bolalari” o‘yinlari hamda 9-18 avgust kunlari Turkiyaning Konya shahrida bo‘ladigan V Islom birdamligi o‘yinlari muhim ahamiyatga ega. 

Yig‘ilishda yilning birinchi yarmida 367 ta respublika va xalqaro darajadagi sport tadbirlari tashkil etilganligi, sportchilarimiz 22 ta jahon chempionati va kubogi, 39 ta qit’a chempionati va kubogi, 36 ta xalqaro turnir va 19 ta xalqaro o‘quv-yig‘inlarda qatnashganligi aytildi. 

Sportchilarimiz xorijiy davlatlarda tashkil etilgan nufuzli musobaqalarda 1 ming 171 ta, shundan 384 ta oltin, 358 ta kumush va 429 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. 

Yarim yillik sport ko‘rsatkichlariga nazar tashlansa, chempionlar kashf etildi, o‘ziga xos natijalarga erishildi. Aprel oyida Dubay shahrida yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida yosh sportchimiz Zuhriddin Qodirov qilichbozlik bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi. Mo‘g‘ulistonda dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turkumidagi turnirda Diyora Keldiyorova mamlakatimizga birinchi oltin medalni olib keldi. 

Taekvondo WTF bo‘yicha 49 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Osiyo chempionatida taekvondochilarimiz ilk bor umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

O‘zbekiston sport tarixida ilk marotaba “Besh bosqichli” ommaviy sport musobaqalariga start berildi. Aprel-iyun oylarida mazkur musobaqalarning 1-mavsumi o‘tkazilib, 3,1 million yoshlar qamrab olindi. 

O‘tgan olti oy davomida sport sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan 10 ta muhim qarorlar qabul qilindi. Ommaviy sportni rivojlantirish, sport ta’lim tizimini takomillashtirish, trenerlarni tayyorlash va ularni rag‘batlantirish, milliy va etno sport turlari, dzyudo va qo‘l jangi sport turlarini rivojlantirish, “Matonat maktabi” faoliyatini tashkil etish, nodavlat sport ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash va qishki sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar shular jumlasidan.  

Muhokamalar davomida “Osiyo bolalari” o‘yinlari hamda V Islom birdamligi o‘yinlariga tayyorgarlikning borishi, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi fasliga tayyorgarlik xususida cportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ raisining o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, vazirlikning Ommaviy sportni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sharifjon Muminjonov axborot berdi. 

Muhokamalar yakunida yil davomidagi sport tadbirlariga puxta hozirlik ko‘rish asnosida 2024 yilgi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni tizimli olib borish lozimligi ta’kidlanib, mutasaddilarga belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi. 
T.Ro‘ziyev,  
O‘zA