Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi xorijiy OAV nigohida
07:52 / 2022-03-27

24-26 mart kunlari poytaxtimizda birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbirda rasmiy tuzilmalar, yirik xalqaro moliyaviy tashkilotlar, xorijiy mamlakatlar kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlash joiz, ilk bor tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbir faoliyati xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Masalan, Ozarbayjonning “Trend” axborot агентлиги O‘zbekiston BAA delegatsiyasi bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalasini muhokama qilganiga e’tibor qaratgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deyiladi xabarda.

Uchrashuvda vazir Suhayl al-Mazruiy xorijiy biznesning O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, uchrashuvda amaliy sheriklikni, eng avvalo, savdo, investitsiya, innovatsiya, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika va transport sohalarida oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq kengaytirish istiqboli muhokama qilingani, “Yashil” energetika sohasidagi hamkorlik natijasi yuqori baholangani aytiladi. Darvoqe, BAAning “Masdar” kompaniyasi mamlakatimiz hududlarida foto va shamol elektr stansiyalari qurish bo‘yicha qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Qolaversa, tomonlarda hamkorlikni kengaytirish va ustuvor tarmoqlar bo‘yicha yangi istiqbolli loyihalar amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etilganiga urg‘u beriladi.

Trendmuxbiri Natavan Rzayevaning yozishicha, O‘zbekiston xalqaro sarmoyadorlar uchun jozibador yurt. Shu bois, O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘z loyihalari bilan ishtirok etishni istagan mamlakatlar soni ortib boryapti, deydi jurnalist.

Uning “Saudiya Arabistoni O‘zbekistonda qator loyihalarni amalga oshirmoqda” sarlavhali maqolasida Saudiya investitsiya vaziri Xolid Al-Falihning birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi ochilishida so‘zlagan nutqiga e’tibor qaratiladi. Energetika, sog‘liqni saqlash, kimyo mahsulotlari va o‘g‘it ishlab chiqarish, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi sohalarida ikki davlat o‘rtasida samarali sheriklik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlanadi.

U Al-Falihning quyidagi so‘zlarini iqtibos sifatida tanlagan: «So‘nggi yillarda biz O‘zbekistonda, asosan, qayta tiklanadigan energiya manbalariga sarmoya kiritdik. Hozir “ACWA Power” kompaniyamiz bu yerda muqobil usulda elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirmoqda».

Shuningdek, muallif Osiyo taraqqiyot banki ham O‘zbekistonning iqtisodiy boshqaruvini mustahkamlashda faol eshtirok etayotganini qayd etadi.

Uning yozishicha, OTB mamlakatda moliyaviy boshqaruvni yaxshilash va davlat korxonalari samaradorligini oshirishga yordam bermoqda.

Muallif forum haqida yozarkan, mazkur nufuzli moliyaviy tuzilma rahbari Masatsugu Asakavaning quyidagi so‘zlarini keltiradi:

«Jamoamiz maqsadi O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o‘tishini tezlashtirishga hissa qo‘shish. Biz davlatning moliyaviy vositachilikdagi ishtirokini qisqartirish, infratuzilma va ijtimoiy xizmatdan foydalanishni yaxshilashga intilamiz».

Maqolada ta’kidlanishicha, bank ham fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilaydi, davlat sarmoyasi ishtirokidagi tashkilotlarning qo‘shimcha fiskal kengliklarini yaratadi.

Bank prezidenti aytishicha, so‘nggi yillarda OTB O‘zbekiston energetika sektorini rivojlantirishga, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashni yaxshilashga hissa qo‘shib kelmoqda, energetika sektorini isloh qilish dasturini qo‘llab-quvvatlamoqda. Qishloq-xo‘jaligi rivojiga yo‘naltirilgan ko‘mak natijasida besh mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi. Qolaversa, infratuzilma xizmati takomillashtirilyapti, qurilish dasturi qo‘llab-quvvatlanmoqda. E’tiborlisi, mazkur dastur doirasida respublikada 43 mingta ob’ekt qurib bitkazilgan.

Muallif O‘zbekistonda xorijiy tadbirkorlar faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoit yaratilganini qayd etarkan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston bilan hamkorlikning yaqin besh yillik uchta istiqbolli yo‘nalishini aniqlab olganiga urg‘u beradi.

U YeTTB prezidenti Odil Reno-Bassoning so‘zlarini keltirib, jumladan shunday yozadi:

Yaqin besh yilda asosiy e’tibor uch muhim yo‘nalishga qaratiladi: barqaror ish o‘rinlari yaratish va fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, hozirgi va kelgusi avlod uchun sog‘lom “yashil” muhit yaratish hamda raqamlashtirish va raqobatbardoshlikni oshirish. 

Materialda bankning O‘zbekistonda kichik va o‘rta tadbirkorlikni, ayol tadbirkorlarni hamda o‘qitish va moliyalashtirish vositasida "yashil" investitsiyalashni qo‘llab-quvvatlash rejasiga ham e’tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, YeTTB O‘zbekiston bank sektorini xususiylashtirish jarayoni tezlashishiga hissa qo‘shadi, deydi muallif.

Maqolada YeTTB O‘zbekistonga so‘nggi besh yil davomida 3,3 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritgani, o‘tgan yilning o‘zida bu summa 600 million dollardan oshganiga urg‘u beriladi.

“Trend” axborot agentligining yana bir muxbiri Vugar Imanov o‘z maqolasida Ozarbayjon va O‘zbekiston tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlik ko‘p yillardan buyon muvafaqiyatli rivojlanayotganiga urg‘u beradi.

Uning yozishicha, birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etayotgan ozarbayjonlik tadbirkorlar delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Ozarbayjon tadbirkorlari Konfederatsiyasi vitse-prezidenti Vugar Zeynalov «mazkur forum Ozarbayjon va O‘zbekiston tadbirkorlari hamkorligini yanada kengaytirishiga ishonch bildirgan. O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi yillarda sezilarli ravishda o‘sgani, barcha sohada samarali hamkorlik uchun katta eshik ochilayotgani e’tirof etiladi. Ta’kidlash joiz, hozir Ozarbayjonning ko‘plab korxonalari O‘zbekistonda ish yuritmoqda. Ozarbayjonning turli kompaniyalaridan Forumga kelgan vakillar ham O‘zbekiston tadbirkorlari bilan hamkorlikda biznesni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligidan tortib, qurilish sohasigacha muhim yangi loyihalarni hayotga joriy qilish hamda tajriba almashishdan manfaatdor. Yana bir muhim fakt shuki, so‘nggi uch yil davomida, pandemiya bilan bog‘liq cheklovlarga qaramay, mamlakatlarimiz o‘rtasida oziq-ovqat, elektronika va qishloq xo‘jaligi sohasida savdo-sotiq ko‘rsatkichi 30 foiz o‘sgan.

S.Rahimov tayyorladi, O‘zA