Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi: investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlar yaratiladi
21:29 / 2022-03-26

Mamlakatda xalq farovonligini ta’minlash, munosib ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiyaviy jozibadorlikni yanada oshirish maqsadida mamlakat tarixida ilk marta Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» Davlat dasturining 112-bandi ijrosini ta’minlashga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir. Unda Toshkent shahrida 2022 yildan boshlab har yili Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazib borishga oid vazifalar belgilangan. 2022 yilning 24-26 mart kunlari bo‘lib o‘tgan ушбу forum халқаро ahamiyatga molik bo‘ldi. 

Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor bo‘lgan xorijiy investorlar, moliya-iqtisodiy tashkilotlarni, iqtisodiyot drayverlari hisoblangan energetika, mashinasozlik, elektrotexnika, axborot texnologiyalari, to‘qimachilik, qishloq ho‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, qurilish sohalari hamda hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirishdan iborat.

Forumning yalpi majlisida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Prezident forumda iqtisodiy sohada amalga oshiriladigan asosiy yo‘nalishlariga to‘xtaldi hamda “Inson qadri uchun” g‘oyasini hayotga tatbiq etishni ko‘zda tutadigan mamlakatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Jumladan, mamlakatda iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash, davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish, infratuzilmalarni rivojlantirish, iqtisodiyotni sanoatlashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, inson kapitaliga investitsiya kiritish, tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, eksport va importga qulayliklar yaratish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va biznes muhitini yaxshilash yo‘nalishlari sanab o‘tildi. Albatta, ushbu yo‘nalishlar hozirgi globallashuv davrida dolzarbligi bilan ahamiyatli. Shunday ekan, mazkur eng muhim yo‘nalishlar Toshkent xalqaro investitsiya forumida alohida qayd etib o‘tilgani bejiz emas, albatta. 

O‘z navbatida, davlatimiz rahbari xususiylashtirishga ham to‘xtalib o‘tdi. 2026 yilga qadar eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat korxonalarini xususiylashtirish hisobidan 25 dan ortiq faoliyat turlari bo‘yicha monopoliyalarning tugatilishi, tijorat banklarida transformatsiya jarayonlari davom ettirilib, bank aktivlarida xususiy sektorning ulushi 60 foizga yetkazilishi, davlat ishtirokidagi korxonalar soni kamida 3 barobar qisqartirilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, xorijiy investorlar bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy etgan holda, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilmani rivojlantirish va yo‘l qurilishi sohalarida umumiy qiymati 15 milliard dollarlik 200 dan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotganligi hamda iqtisodiyot ehtiyojlari uchun IT va muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirish lozimligi qayd etildi.

Eng muhimi, 280 million iste’molchisi bo‘lgan mintaqaviy bozorlarga chiqish imkoniyati hamda Yevropa Ittifoqining kengaytirilgan preferensiyalar tizimi “GSP +” doirasida O‘zbekistondan 6 mingdan ortiq mahsulot turlarini Yevropa bozoriga imtiyozli shartlarda eksport qilish mumkinligi va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Transafg‘on temir yo‘li orqali Janubiy Osiyoga, “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘li orqali Osiyo–tinch okeani mintaqasiga, shuningdek, Janubiy Kavkazni kesib o‘tadigan multimodal transport koridori orqali Yevropa mamlakatlariga yetkazish uchun imkoniyatlar yaratilayotganligi investorlarning qiziqishiga olib keladi desak, hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida mamlakatda investitsiya jozibadorligi oshishi hamda arzon taransport yo‘llarining yaratilishiga va yangi bozorlarga chiqishiga olib keladi.

Umuman olganda, amalga oshiriladigan islohotlar natijasida kelgusi 5 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmini esa 30 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilganligi hamda xususiy sektorning YAIMdagi ulushi 80 foizga yetkazishga oid sa’y-harakatlar mamlakatning iqtisodiy qudratini oshirishga xizmat qiladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlarni yaratish, xorijiy hamkor va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni har tomonlama mustahkamlash borasidagi ishlar qat’iy davom ettirilishini alohida qayd etib o‘tdi. Shuningdek, xorijiy investorlar mamlakatda muvaffaqiyatli faoliyat olib borishini ta’minlash – O‘zbekiston Prezidenti va Hukumati tomonidan kafolatlanishiga alohida urg‘u berib o‘tilganligi barcha investorlarga ma’qul bo‘ldi, desak hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Forumda xalqaro moliyaviy institut va tashkilotlari rahbarlari O‘zbekistonning rivojlanish istiqbollari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. 

Forum doirasida umumiy qiymati 7 milliard 833 million dollarlik 164 ta shartnoma imzolandi. Kelishuvlarning 97 tasi investitsiyaviy, 67 tasi savdo bitimini o‘z ichiga oladi. Xorijiy investorlar, yirik xorijiy kompaniyalar, vazirlik va idoralar hamda mahalliy korxonalar o‘rtasida tuzilgan ushbu shartnomalar orqali mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan qator loyihalar amalga oshiriladi. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, investitsiyaviy jozibadorlikning oshishi mamlakatda yangi korxonalar tashkil etilishiga olib keladi, buning natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilib xalq farovonligi ta’minlanadi.

 

Iskandar O‘ROQBOEV,

“Taraqqiyot strategiyasi” Markazi

bosh mutaxassisi.

O‘zA