“Kemel Travel” MCHJ rahbari Tolib Jahongirov tomonidan “Safari turizm klasteri – o‘tovli oromgoh” majmuasi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, xorijiy sayyohlarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
Aydarko‘l yaqinida tashkil etilgan ushbu turizm klasteri tashrif buyuruvchilarning joylashuv jihatidan qulay hududda tashkil etilgan bo‘lib, yuqori sifatli jihozlar keltirilib o‘rnatilgan. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy va xorijiy sayyohlar xavfsizligini ta’minlash va ularga qulay sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
– Bu yerda 30 ta 150 o‘rinli o‘tov, mehmonxona, restoran mavjud, – deydi tadbirkor Tolib Jahongirov. – Sayyohlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyatga olib kelish maqsadida turoperatorlik kompaniyasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Konimex tumanida barpo etilgan o‘tov, dam olish va sog‘lomlashtirish maskani loyihasining umumiy qiymati 6 milliard so‘mni tashkil etadi. Cho‘l hududida 2 gektar maydonda tashkil etilgan turizm ob’ektida 500 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Bu o‘tovli oromgoh ishga tushishi natijasida Yangig‘azg‘on ovulida istiqomat qiluvchi 15 dan ortiq qishloq aholisi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
O‘tovli oromgohda ochiq osmon ostida turli konsert va shou dasturlarini o‘tkazish imkoniyati mavjud. Ta’kidlash o‘rinliki, Aydarko‘l hududiga yaqin joylashgan cho‘l hududlarida safari turizmini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda respublikamizda mavjud eng katta safari turizmi ob’ektlari Navoiy viloyatida joylashgan bo‘lib, doimiy ravishda sayyohlarning qiziqishiga sabab bo‘lib kelmoqda. Jumladan, bu hududda 855 o‘ringa ega 7 ta o‘tovli oromgoh faoliyat yuritib kelmoqda. Mavsum davomida 1,1 million nafarga yaqin mahalliy hamda 300 ming nafarga yaqin xorijiy sayyohlar tashrif buyuradi. Mazkur “Kemel Travel” ham sayyohlarning sevimli maskaniga aylanadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri