English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birinchi raqamli jurnalist edi
17:13 / 2021-06-20

Milliy media sohasining katta avlod vakillari bu insonni "Birinchi raqamli jurnalist" sifatida hamon-hamisha e’tirof etishadi. Sababi, u sohaga oid barcha-barcha jihatlar – ijoddagi mahorat, yuqori professionalizm, kasb odobiyu matbaadagi tashkiliy jihatlar, bosmaxona ikir-chikirlarigacha puxta bilgan inson edi.

    Taniqli publitsist va noshir,  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, "El-yurt hurmati"  ordeni, "Jasorat" medali sohibi Ziyod Islomovich qariyb yigirma yil O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasini boshqargan. O‘zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi jamg‘arma boshqaruvi raisi hamda "O‘zbekiston matbuoti" jurnalining bosh muharriri sifatida o‘z bilimi va mahoratini namoyon etgandi.

      Bu dunyoda odamzotdan mol-mulk, hasham, boyligu hoyu havas emas, faqat va faqat yaxshilik, ezgu amallar qolarkan. Ayni jihatlar  o‘zbek matbuoti fidoyisi Ziyod Yesenboyevning umr yo‘li, hatto tanimagan odamlarga qilgan yaxshiliklari, milliy jurnalistika, matbaa sohasi rivojidagi haqiqiy g‘amxo‘rligida ham yaqqol namoyon bo‘ladi.

     Aslida Ziyod Islomovichning mo‘’tabar xotirasi, aziz yodi haqida biron iliq gap aytishni anchadan buyon ko‘ngilga tukkandim. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasidan kelgan xat – ustoz  Ziyod Yesenboyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan tadbirga oid taklifnoma bu niyatimning amalga oshishiga yana bir turtki bo‘ldi.

     Ba’zan kimlarningdir o‘zbek matbuotining XX asr 70-80 yillariga oid davri haqida  bepisand gapirishi, baho berishi erish tuyuladi menga. Aslida "aytilgan gap – otilgan o‘q"  degan qat’iy tamoyil, o‘tkir va dolzarb feletonlaru rang-barang janrdagi materiallar, ularning sifati, pishiq-puxtaligi  aynan o‘sha davrda ravnaq topgan, desak yanglishmaymiz. Ustoz Ziyod Yesenboyev ayni o‘sha murakkab  davrlarda milliy matbuotimiz rivojiga bosh-qosh bo‘lgan, qanchadan-qancha ijodkorga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan,  soha rivoji, ishchi-xodimlar ijtimoiy himoyasi uchun chin ma’noda jon kuydirgan inson edi.

     Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi bo‘lgan Ziyod aka matbaa sohasidagi ishchiyu ijodkorning qadr-qimmatini teran anglagan. Poytaxt markazidagi matbaa xodimlari, jurnalistlaru noshirlar, ijodkor ziyolilar uchun mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylardan iborat mavze sho‘rolar zamonining "marhamati" emas, aynan Ziyod akadek sohaning chinakam jonkuyarlarining fidoyiligi, kuydi-pishdiligi sababli bunyod etilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

    Xalqimizning ardoqli farzandi Sharof ota Rashidovning  yaqin safdoshi, jahon e’tirofidagi adib Chingiz Aytmatovning qadrdoni bo‘lgan Ziyod Yesenboyevning butun hayoti davomida oddiylik, odamiylik, odamgarchilik, qo‘ldan kelgancha boshqalarga yaxshilik qilishdek fazilatlari ibratga arzigulik edi.

    Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan ustoz ijodkorga bag‘ishlangan xotira tadbirida ustoz jurnalistning ibratli hayot yo‘li,  ezgu fazilatlari, yorqin xotiralar haqida  so‘z yuritildi.

       O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov tavalludiga shu kunlarda yuz yil to‘lgan Ziyod Yesenboyev singari ijodkorlarning umr yo‘li, hayotiy pozitsiyasi, yoshlarga mehribonligi yoshlar uchun g‘oyat ibratli ekanini ta’kidladi.

  – 1965 yili Ziyod Islomovichni birinchi marta ko‘rganman, – dedi taniqli jurnalist Jabbor Razzoqov.– O‘z davrida yurtimizdagi nashriyotlar,bosmaxonalar,gazetalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda bosh-qosh bo‘lganlar.

   – Otamizga odamlarning ijobiy munosabatiga ko‘p marta guvoh bo‘lganmiz, – dedi ustozning  o‘g‘li Sherzod Yesenboyev. – Uning Ikkinchi jahon urushining boshidan oxiriga qadar frontda mardonavor kurashgani ko‘pchilik uchun diqqatga sazovor. Noshirlik, matbaa,jurnalistika rivojiga katta hissa qo‘shgan otamning porloq xotirasi yodga olinib, hurmat-ehtirom ko‘rsatilgani uchun minnatdorlik bildiramiz.

     Tadbir davomida ishtirokchilar poytaxtimizdagi "Minor"  qabristoniga borib, ustoz jurnalist xotirasiga Qur’on tilovat qildi. Atoqli jurnalist xonadoniga tashrif buyurib, uning hayoti,serqirra faoliyati bilan bog‘liq xotiralar yodga olindi.

Nazokat Usmonova, O‘zA