Bugun tongdan Toshkent viloyatidagi 878 ta umumta’lim maktabida 521 ming 314 nafar o‘quvchi “Birinchi qo‘ng‘iroq” sadolari ostida darslarni boshladi. Dastlab, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida bayram tantanalari tashkil etildi. Joriy o‘quv yilida 57 195 nafar bolajonlar birinchi sinfga qabul qilindi.
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida bayramona tadbirlardan so‘ng, mas’ullar tomonidan 1-sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari berildi, shuningdek, “Mustaqillik darslari” tashkil etildi.

Olmaliq shahridagi 21-sonli umumta’lim maktablarida ham bayramona tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu yil rekonstruksiyadan chiqarilgan mazkur ta’lim dargohida yangi o‘quv yili uchun barcha sharoit yaratilib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi. “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev va Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqan viloyat hokimi yoshlarni Mustaqilligimizning 34 yilligi hamda yangi o‘quv yili bilan tabrikladi. Davlatimiz tomonidan mamlakatimizda yoshlarga ta’lim berish, malakali kadrlarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar o‘z natijasini berayotganini alohida ta’kidladi.
Xususan, Olmaliq shahri bo‘yicha ham o‘tgan o‘quv yilida maktab bitiruvchilarining 4, 5 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Yil sayin bu boradagi ko‘rsatkich yaxshilanmoqda. Viloyatdagi oliygohlar soni 14 taga yetib, 74 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Bu jarayonda ota-onalar, o‘qituvchilarning ham hissasi katta ekani aytib o‘tildi.

Tadbirda ta’lim dargohiga ilk qadam qo‘ygan bolajonlarga Prezident sovg‘alari topshirildi. Shundan so‘ng qo‘ng‘iroq chalindi va sinflarda darslar boshlandi. O‘quvchilarga “Mustaqillik darsi” o‘tildi va “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” bosh g‘oyasining mazmun-mohiyati, mustaqillikning xalqimiz hayotidagi ahamiyati, tinchlikni ta’minlash, mamlakatimizning jahon miqyosidagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, O‘rta Chirchiq tumanidagi 23-umumta’lim maktabi qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida tuman hokimi Ixtiyor Qosimov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, maktab jamoasi va o‘quvchilar qatnashdi.

– Maktabimiz ta’mirtalab bo‘lib qolgandi, – deydi O‘rta Chirchiq tumani 23-umumta’lim maktabi direktori Gulchehra Isroilova. – Prezidentimizning ta’limga qaratayotgan alohida e’tibori sabab, maktabimiz ham bu yil to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Endi barcha qulayliklar bor. Sinf xonalari yorug‘ va zamonaviy. Ayniqsa, ota-onalar juda mamnun. Bunday sharoitlarda o‘quvchilarning kelajakda komil inson bo‘lib, el-yurt koriga yaraydigan shaxslar bo‘lishlarida bor kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.

Hozir bu maktabda 745 nafar o‘quvchiga 50 nafar pedagoglar ta’lim-tarbiya bermoqda. Hudud mas’ullari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur tadbirda o‘quvchilarga yaxshi bilim olib, komil inson sifatida vatanimiz ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishlari yo‘lida ulkan zafarlar tiladi.

Shuningdek, umumta’lim maktabining birinchi sinfiga qabul qilingan bolalarga o‘quv qurollari, maktab sumkasi, darsliklar majmuasidan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.
A.Musayev, O‘zA.