Joriy yilning 23–27-sentyabr kunlari O‘zbekistonda ilk bor O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi o‘z ishini boshladi.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida o‘tkazilayotgan forumda Italiya universitetlar va tadqiqotlar vazirligi hamda uning huzuridagi 25 ga yaqin universitet, 40 dan ortiq O‘zbekiston oliy ta’lim muassasasi rahbarlari va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etmoqda.
Mazkur tadbir “Universitetlar hamkorligining yangi bosqichi - ikki davlat va jamiyat rivojlanishining muhim omili” mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir davomida ta’lim sohasida zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or raqamli texnologiyalar va innovatsion o‘qitish usullarini joriy etish, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini kengaytirish masalalari muhokama etilmoqda.
Shuningdek, forum 25–27-sentyabr kunlari Buxoro va Samarqand viloyatlarida davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA