English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birinchi o‘zbek professor ayolini xotirlab...
12:45 / 2022-05-07

Xalqimiz orasidan Zulfiyadek ulug‘ shoira, Xalima Nosirova, Sora Eshonto‘rayeva, Mukarrama Turg‘unboyevadek dovrug‘li san’atkorlar, Xadicha Sulaymonova, Sabohat Azimjonova, Nozima Dehqonxo‘jayeva hamda Fozila Sulaymonovadek ko‘pdan-ko‘p shon-shuhratli ayollar, ilm-fanning ulkan namoyondalari yetishib chiqqan. Ular o‘z davrida o‘z salohiyatlarini namoyon eta oldi.

Atoqli olima Maqsuda Hojinova ham vatanimiz va xalqimiz oldidagi katta xizmatlari bilan yuqorida zikr etilgan muhtarama ayollarimizning sharafli qatorida faxrli o‘rin tutadi. 

Xotira va qadrlash kuni arafasida Toshkent to‘qimachilik va yengil   sanoat institut dotsenti Abdusattor Abdug‘afforov professor Maqsuda Hojinovaning salmoqli hayoti va ijodini yodga oldi. 

–Maqsuda Hojinova texnika fanlari yo‘nalishida yetishib chiqqan birinchi o‘zbek professor ayoli edi, – dedi Abdusattor Abdug‘afforov. – Keyin shu sohada birinchi bo‘lib akademiklik unvoniga ham erishdi. Olima ilm-fan oldidagi katta xizmatlari uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi” yuksak unvoni bilan taqdirlangan. 

U qirq yilga yaqin oliy ta’lim tizimida pedagoglik qildi. O‘n yetti yil mobaynida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida rektor bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. Mamlakatimiz to‘qimachilik va yengil sanoatining minglab yetuk malakali kadrlari Maqsuda Hojinovani o‘zlariga mehribon ona va ustoz deb biladi. Uni doimo chuqur qalb ehtiromi bilan xotirlaydi.  

Maqsuda Hojinova ilm-fan shaydosi edi. Haligacha eslab yurishadi: ustoz doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayotgan paytlarida, posbonlardan bekinib, institut tajriba xonalarida tuni bilan qolib ketar ekan. Bunday zahmatli mehnatlar esa o‘z samarasini berdi. Yirik rus olimi - G.N.Kukin olima haqida shunday so‘zlarni yozib qoldirgan: “Maqsuda Hojinova O‘zbekistonda birinchi bo‘lib paxta tolalarining tuzilishi, xossalarini o‘rganish va tasniflash mavzusiga asos soldi hamda to‘qimachilik materialshunoslik ixtisosligi maktabini yaratdi”. 

Olima paxtani qayta ishlash sanoatida tola sifatini shikastlantiruvchi bosqichlarni birma-bir o‘rganib chiqqan va ularni bartaraf etish usullarini taklif etgan. Tolani chigitdan ajratishda, tozalashda, titib-savashda, yigirishda qo‘llaniladigan texnologik jarayonlar uning sifatiga putur yetkazar ekan. Olima shundan kelib chiqqan holda, tegishli korxonalarda texnologik jarayonning me’yorini belgiladi va bir qator o‘rinli takliflarni tavsiya etdi. Uning takliflari paxtani qayta ishlash sanoatini takomillashtirishda hamon xizmat qilmoqda.  

Shuningdek, M.Hojinova g‘o‘zani defoliatsiya qilish va paxtani mashinada terish jarayonlarida ham tola sifatida jiddiy buzilishlarni aniqlagan. Uning bu yo‘nalishdagi takliflari ham tegishli mutaxassislar tomonidan qabul qilinib, g‘o‘za bargini kimyoviy usulda to‘kish sharoitida va paxta terish mashinalarining qurilmalarini takomillashtirishda inobatga olingan. Olimaning o‘z tadqiqotlarida ilgari surgan ilmiy-amaliy g‘oyalari katta ahamiyatga ega bo‘lib, boshqa mamlakatlarda ham obro‘-e’tibor topdi. Uning kitoblari va ilmiy maqolalari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. 

M.Hojinova millatimiz tarixini adolatli yoritishga xizmat qiladigan yana bir tadqiqot o‘tkazganki, uni ham g‘ururlanib eslagimiz keladi. Ma’lumki, Sobiq ittifoq davrida ilm-fanda va jamoatchilik ongida ipakchilikni O‘zbekiston Xitoydan o‘zlashtirgan, degan qarashlar bor edi. M.Hojinova deyarli 5 asr ilgari mamlakatimizda ipak kiyimlar va ipak to‘qimachiligi mavjud bo‘lganligini ashyoviy dalillar asosida aniqlagan. Uning bu xizmati olimaning teran vatanparvarligidan dalolat bo‘lib, hammamiz uchun, ayniqsa, yoshlar uchun o‘ziga xos ibratdir. 

M.Hojinova o‘z shaxsiyatida zamonaviy va an’anaviy milliy ta’lim-tarbiyani uzviy birlashtirgan yetuk ziyoli olima edi. Olima og‘ir yurak xastaligiga chalinib, 1981 yilning 5 noyabr kuni 70 yosh arafasida vafot etdi. 

Hozirgi talabalar ustozning ilmiy-pedagogik maktabiga sodiq bo‘lib, yangi sharoitda uning xayrli ishlarini davom ettirmoqda. “To‘qimachilik materialshunosligi” kafedrasining asoschisi, 20 dan ortiq olimlarni tayyorlab, katta ilmiy maktab yaratgan, inson qadrini ulug‘lab kelgan, taniqli akademik olima Maqsuda Hojinova hamisha yodimizda va yonimizdadir. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA