"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi sonida taraqqiyparvar ulamo, 31 yoshida professor unvonini olgan o‘zbek kimyogar olimi, ma’rifatparvar jadid — Sattor Jabbor haqida ma’lumot beriladi.
XX yillarning boshlarida Turkiston va Buxoro respublikalari rahbarlari tashabbusi bilan Germaniyaga o‘qishga borgan talabalar orasida Buxorodan Ahmad Naim, Samarqanddan Rauf Rasuliy, Xo‘janddan Sulton Matqul, Farg‘onadan Temirbek G‘ozibekov, Xorazmdan Maryam Sultonmurodova, Toshkentdan Xayrinisa Sultonmurodova, Saidalixo‘ja, Ibrohim Orifxon, Ahmadjon Ibrohimov, Sattor Jabbor kabilar bor edi.
Bo‘lg‘usi o‘zbek kimyogar olimlaridan biri Sattor Jabbor 1905 yili Toshkentda tug‘ilib, avval eski maktabda, so‘ng rus-tuzem maktabida, 1918–1921 yillarda esa “Namuna” maktabida o‘qidi. Bu maktab Toshkentda birinchi zamonaviy maktab hisoblanib, unda Sattor Jabbor bilan birga bo‘lg‘usi olim va yozuvchilar: Oybek, Mirkarim Osim, Homil Yoqubov, Subutoy Dolimov va boshqalar ham o‘qigan. Ularga o‘sha davrning yetakchi pedagoglaridan Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Eson afandi Musayev, Shorasul Zunnun, Qayum Ramazonlar dars berganlar. Sattor Jabbor 1921 yili shu maktabni muvaffaqiyatli bitirib, o‘z safdoshlari bilan Navoiy nomli bilim yurtiga o‘qishga o‘tgan, keyinchalik bir guruh yoshlar bilan birga Buxoro Xalq Respublikasi tomonidan Berlinga o‘qishga yuborilgan.
Sattor Jabbor Berlinda avval xususiy yo‘l bilan o‘qib, nemis tilidan imtihon topshirgach, 1925 yilda Haydelberg shahriga borib, u yerda ober-imtihondan o‘tib, dorilfununning kimyo fakultetiga kirgan.
Sattor Jabbor muvaffaqiyatli o‘qish bilan birga shu yillarda Germaniyada tahsil olayotgan boshqa turkistonlik va buxorolik yurtdoshlari bilan birga barcha madaniy-ma’rifiy ishlarda qatnashadi. Ustozi Fitratning “Hind ixtilolchilari” asarining Berlin nashrini tashkil etuvchilaridan biri bo‘ladi, o‘zbek va nemis matbuotida she’r va maqolalari bilan faol qatnasha boshlaydi.
Sattor Jabbor 1931 yilda O‘zbekistonga qaytib, O‘rta Osiyo davlat Meditsina institutining biokimyo (1932–1934), keyinchalik noorganik kimyo kafedralari (1935–11937) mudiri, Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi kollegiyasi a’zosi, Maorif xalq komissarligi huzuridagi Ilmiy kengash a’zosi vazifalarida ishlaydi. Toshkent Davlat Meditsina instituti noorganik kimyo kafedrasi mudiri Ma’fuaxon Alaviyaning guvohlik berishicha, Sattor Jabborga o‘sha yillari ko‘p yillik ilmiy ishlari majmuasi uchun kimyo fanlari nomzodi ilmiy unvoni berilgan. Uning asosiy ilmiy yo‘nalishi xilma-xil kimyoviy xossalarning tashkil topish kinetikasini tadqiq qilish bo‘lgan. Olimning 20 dan ortiq ilmiy ishi mavjud bo‘lib, ular orasida nemis tilidagi kimyo darsliklarining o‘zbek tiliga tarjimalari, shuningdek, ruscha-o‘zbekcha va nemischa-ruscha-o‘zbekcha kimyo terminlari kitoblari ham bo‘lgan.
Batafsil:
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bp8WX-ZwU-Y" title="Birinchi o`zbek kimyogari Sattor Jabbor " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA