Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birinchi o‘zbek jurnalist ayoli - Maryam Sultonmurodovaning achchiq qismati (+video)
15:55 / 2025-11-08

"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi qahramoni Turkiston jadidchilaridan biri, ta’qibga to‘la umr iztiroblari yoxud “katta qirg‘in” va ikki surgunda jabr ko‘rgan o‘zbek qizi – Maryam Sultonmurodova haqida.

Maryam Sultonmurodova ham yurtimizga ilm-ma’rifat- yorug‘lik istagan mard va jasur ayollardan biri edi. U 1905 yil 13 fevralda Xiva shahrida tug‘ilgan. Dastlab Chandir Qiyot qishlog‘ida dehqonchilik bilan shug‘ullangan otasi Jumaniyoz Sultonmurodov 1916 yilgi xalq qo‘zg‘olonida ishtirok etib Xiva xonining ta’qibiga uchraydi. 1917 yilda u oilasi bilan xonlikni tark etib, 1919 yilgacha To‘rtko‘lda yashashga majbur bo‘lgan. Inqilob natijasida Xiva xonligi hududiga qaytib kelgan Jumaniyoz Sultonmurodov bolsheviklar yordamida Harbiy tribunal rahbari, Xorazm Xalq Respublikasi Xalq komissarlari Kengashi raisi, Xorazm kompartiyasi kotibi lavozimlarida ishladi.

Ikki surgundan omon qolgan ziyoli Maryam Sultonmurodova 1957 yil 2 avgustda SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi.

Biroq u to‘liq oqlanganidan keyin ham ro‘shnolik ko‘rmadi. Ta’qib to‘xtamadi. Sevgan sohasi bo‘lmish jurnalistika bilan shug‘ullanish u yoqda tursin, uning gazeta yo jurnal o‘qishiga ham to‘sqinlik ko‘rsatildi. Maryam qorong‘u kechalarda o‘zining erksiz, baxtsiz hayotini quyidagicha qog‘ozga tushirgan: "... 1957 yil meni oqlashgan. Mendan baxtli odam yo‘q edi. Axiyri orzuyim ushaldi! O, mening xursand bo‘lganlarim... Hayotimda katta bir o‘zgarish kuta boshladim va axiyri to‘la huquqli sovet grajdani bo‘laman deb o‘yladim! Lekin afsus, ko‘p o‘tmay ixlosim qaytdi. Men hamon nazorat ostida ekanligimni, sharmisorlik tamg‘asining yuki hamon bosib yotganini angladim... O‘zligingni pastga urishlarini his etishdan ortiq alam yo‘q olamda. O, bu qanchalar og‘ir! Agarda menga yuqoridan, masxaromuz qarayotgan mana shu kimsalar mendan yaxshiroq va mendan pokroq bo‘lishganida-ku, balki bu holga chidardim. Lekin aslo unday emas edi. Aksincha, ularning biri chayqovchilik, ichkilikbozlik, buzuqlik qilardi. Ikkinchisi, birovning erini tortib olgan, farzandini otasiz qoldirgan edi... Hech bo‘lmasa mana shu kimsalar meni tinch qo‘yishsa edi, ko‘nglimga g‘ulg‘u solishmasa edi...".

Bu haqsizliklar ham Maryamning irodasini sindira olmadi. U o‘zini bir lahza bo‘lsin aybdor deb bilmadi. Haqiqatga ishondi, insoniyligini yo‘qotmadi. Bu bilan sho‘rolar tuzumining sharmandali tarixida inson matonati timsoli sifatida qoldi. Maryam Sultonmurodovaning ta’qiblar va tazyiqlarga to‘la umri 1971 yilda nihoyasiga yetdi. Undan "Rahmat desinlar", "Majnuntol", "Qalbim nidosi", "Mehr ko‘zda", "Karvonlar kelganda", "Kutilmagan baxt", "Betamiz yigit" nomli hikoyalar qolgan. Yurtimiz ozodligi yo‘lida jon bergan bu mard va jasur ayolning faoliyati hamda ijodidan boxabarlik bizni ayni yorug‘ kunlarimizni qadrlashga o‘rgatadi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/UrMyNuzMa_g?si=QzLcb_QdOf4b05B7" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA