Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BIRINChI MASALA: banklar va bank faoliyati qonunchilik asoslari yanada takomillashadi
10:54 / 2019-10-11

ONLAYN


Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida senatorlar mamlakat hayotiga daxldor bir qator muhim masalalarni ko‘rib chiqilmoqda. 

Dastlab senatorlar “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi.

Hujjat 12 bob va 83 ta moddadan iborat. Yangi Qonunga ko‘ra, bank faoliyati bilan shug‘ullanish uchun banklarning ustav kapitali eng kam miqdori 100 mlrd. so‘m miqdorida belgilangan. Hujjatga muvofiq bank tuzish uchun dastlabki ruxsatnoma berish, investorlar tomonidan Markaziy bank roziligisiz banklar aksiyalarini sotib olish tartibi takomillashtirilmoqda. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, bank xodimlarining odob qoidalariga rioya qilishini ta’minlash bo‘yicha choralar ham ko‘zda tutilgan.

Banklar va bank faoliyati sifatida e’tirof etiladigan operatsiyalar majmui, moliyaviy operatsiyalarga qo‘yiladigan talablar yangi tahrirda, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda to‘ldirilgan. Shuningdek, pul mablag‘larini omonatlarga jalb etish faoliyati bilan shug‘ullanishga faqat banklar vakolatli ekanligi belgilanib, bank omonatiga ham ta’rif berilgan.

Banklar uchun ta’qiqlangan yoki cheklangan amaldagi faoliyat yo‘nalishlari xalqaro amaliyot hamda bank va uning mijozlari manfaatlaridan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqilib takomillashtirilgan.

Jumladan, banklar faoliyatining o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida, banklarning o‘z mulkini va qarz oluvchilar tomonidan garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotishi mumkinligi ham nazarda tutilgan.

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining maqsadi omonatchilar hamda bank xizmatlaridan boshqa foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini hisobga olgan holda moliya muassasalarining barqarorligi va ular o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni ta’minlashdan iborat.

Shu maqsadda Qonun bank faoliyatiga ruxsat berish shartlari, O‘zbekiston Respublikasida ushbu faoliyatni amalga oshirish, shuningdek banklarni qayta tashkil etish va tugatish borasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Shuningdek, Qonun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining moliya muassasalarini prudensial nazorat qilishda qo‘yiladigan talablar, qo‘llanadigan vosita va tartib-taomillar borasidagi vakolatlarini ham aniq belgilaydi.

Qonunning Senat tomonidan ma’qullanishi banklar va bank faoliyati qonunchilik asoslarining yanada takomillashuviga, moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, bank tizimi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.

Senatorlar qonunni ma’qulladi.