Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birinchi chorakda yalpi ichki mahsulot hajmi 6,8 foizga o‘sgan
18:35 / 2025-06-02

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Samarqand shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonining rasmiy uchrashuvi hamda unda ilgari surilgan tashabbuslar ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi, shu jumladan yetkazib berilayotgan mahsulotlar turining kengaygani hisobiga qariyb 3 barobar oshdi. Savdo sohasida biznesga texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirish, Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun o‘zbekistonlik eksportchilarni o‘qitish, Toshkentda qo‘shma Sertifikatlash markazini tashkil etish, Muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni tezlashtirish kabi masalalar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi qayd etildi. 

Shuningdek, Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan Texnologik sheriklik dasturini ishga tushirish, qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlar, elektrotexnika, energetika, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish sanoatida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yil yakunlari hamda 2025 yil birinchi choragidagi ijrosini muhokama qildilar. Hisobotda taqdim etilganidek, joriy yilning 1-choragida yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi 6,8 foizga o‘sib, 333,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, YAIM tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 55,9 foizdan 56,1 foizga, sanoatning ulushi 27,8 foizdan 27,9 foizga oshdi. 

2025 yilning 1-choragida hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish yondashuvlari asosida amalga oshirilgan tadbirlar hisobiga hududlarda ham yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari qayd etildi. Jumladan, hisobot davrida hududlarning o‘rtacha o‘sish sur’ati 7,4 foizni tashkil qildi. 

Joriy yil yanvar-mart oylarida iqtisodiyotdagi faollik hisobiga ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar soni 660,1 mingtaga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,1 foizga ko‘paydi. Chet el investitsiyalari ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan 15 ming 739 ta korxonadan 4 ming 31 tasi qo‘shma korxona va 11 ming 708 tasi xorijiy korxonalar hisobiga to‘g‘ri keldi. IT xizmatlari eksporti 146 mln. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,9 barobarga oshgan.

Yig‘ilishda deputatlar investitsiyalarni faol jalb etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, byudjet ijrosi nazoratini samarali amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar. 

Muhtarama Komilova, O‘zA