English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birinchi atom elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha jamoatchilik fikri qanday? (+video)
19:32 / 2025-12-24

Avval xabar qilinganidek, Jizzax viloyati Forish tumanidagi Bog‘don aholi punkti 30-sonli madaniy markazida O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirokchilarga loyihaning texnik yechimlari, xavfsizlik choralari, atrof-muhitga ta’siri va tibbiy nazorat tizimlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, dunyoda ilk bor bir maydonda ikkita katta quvvatli “VVER-1000” va ikkita kichik quvvatli “RITM-200N” energiya bloklari joylashtiriladi. Bu tarkib yiliga taxminan 15 milliard kVt/soat toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

– Bugungi eshituvlar ochiq va samimiy muloqotning yorqin namunasi bo‘ldi. Biz kelgan va o‘z fikrini bildirgan har bir ishtirokchiga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Barcha takliflaringiz sinchkovlik bilan o‘rganiladi va hisobga olinadi. Biz AESlarni shunchaki elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun qurmayapmiz. Biz farzandlarimiz uchun xavfsiz, barqaror va farovon kelajak quramiz. Aytish kerakki, bizning asosiy vazifamiz ikki yirik va ikki kichik blokni barpo etishdan iborat. Atom elektr stansiyasi respublikada energiya samaradorligini oshirish va iqtisodiy rivojlanishga sezilarli hissa qo‘shadi. Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, stansiya bloklari o‘rnatilgan quvvatdan 93-98 foiz samaradorlik bilan foydalanish imkoniga ega bo‘lib, bu uni ishonchli va barqaror energiya manbai sifatida namoyon qiladi. Qurilish jarayoni allaqachon boshlangan bo‘lib, yer ishlari va 1,500 ishchi uchun vaxta shaharchasi qurilmoqda. Keyin esa beton qo‘yish ishlariga o‘tiladi. Bu jarayonda nafaqat rossiyalik mutaxassislar, balki Yaponiya va Germaniyadan ham yetuk mutaxassislar qatnashmoqda. Atom elektr stansiyasi ishga tushgach, respublikada elektr energiyasining barqarorligi ta’minlanadi, sanoat hamda ijtimoiy rivojlanish uchun muhim qadam bo‘ladi, – dedi  “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev.

Jamoatchilik eshituvida so‘zga chiqqan “Atomstroyeksport” AJning O‘zbekiston Respublikasida atom elektr stansiyasi qurish loyihasi vitse-prezidenti va direktori Pavel Bezrukov quyidagilarni qayd etdi.

– O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi qurilish loyihasi to‘liq rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda, ba’zi holatlarda esa grafikdan biroz oldinroq ham olib borilmoqda. “Rosatom” dunyo bo‘ylab, shu jumladan, O‘zbekistondan ham ko‘proq seysmik faol hududlarda ob’ektlar quryapti. Shu bois, boshqa joylarda qo‘llangan barcha yechimlar bu yerda ham sinovdan o‘tkaziladi va amalga oshiriladi. Bu atom elektr stansiyasi uchun mumkin bo‘lgan sabablarni minimallashtirishga yordam beradi. Shartnomaning bir qismi yoqilg‘i bilan bog‘liq. Shuning uchun integratsiyalashgan atom elektr stansiyasiga o‘tganda, zarur yoqilg‘i allaqachon mavjud bo‘ladi. Hozirda loyiha to‘rt quvvat bloklari logikasida amalga oshirilmoqda: ikkisi kam quvvatli, ikkitasi yuqori quvvatli, – dedi u.

Munozaralar davomida berilgan barcha savollarga javob qaytarildi. Asosiy e’tibor radiatsiya xavfsizligi, suv resurslari va qishloq xo‘jaligiga ta’siri, yangi ish o‘rinlari, ijtimoiy va transport infratuzilmasi hamda aholini tibbiy kuzatish, shuningdek, stansiyani qurish va undan foydalanishning barcha bosqichlarida odamlar salomatligini himoya qilish choralariga qaratildi.

Eshituv yakunlarida barcha takliflar aks etgan bayonnoma ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullandi va materiallar tahlil qilib, vakolatli organlarga yuboriladi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GXuFugR7dRw" title="Birinchi atom elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha jamoatchilik fikri qanday?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov,

Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj), O‘zA